Yer sharida aholi sonining yildan-yilga oshishi va globallashuv jarayonida oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Go‘sht, sut, baliq, tuxum, asal… Bu mahsulotlarni yetishtirish, ularning sifatini yanada oshirish va xavfsizligini ta’minlashda veterinariya yo‘nalishidagi bilimlarning alohida o‘rni bor.
Shu bois Toshkent davlat agrar universiteti tashabbusi bilan Andijon qishloq xo‘jaligi instituti, Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti hamda Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filialida “Oliy agrar ta’limni isloh qilish masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazilmoqda.
Unda Italiya, Portugaliya, Estoniya kabi Yevropa mamlakatlarining yetakchi agrar universitetlaridan 20 dan ortiq olimlar ishtirok etmoqda. Qayd etish zarurki, ular Yevropa Ittifoqining «Erazmus +» dasturining «BUzNET» loyihasi ishtirokchilaridir. Bu loyihadan ko‘zlangan natija O‘zbekiston agrar ta’lim muassasalarida veterinariya va oziq-ovqat yo‘nalishlari o‘quv rejalari, dasturlarini Yevropa hamkor universitetlari tajribasiga tayangan holda modernizatsiya qilishdan iborat.
Maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va 2017-yil 29-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmon ijrosini ta’minlash hamda mamlakatimiz ilm-fani nufuzini oshirish orqali xalqaro ilmiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan.
-Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida bir nechta loyihalarni amalga oshirayotirmiz, – deydi Piza universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Alessandra Guidi. – Ana shu loyihalar doirasida Toshkent viloyatidagi chorvador fermerlar va sutni qayta ishlovchi tadbirkorlar bilan uchrashdik. Taassurotlarim juda yaxshi. Kelgusida hamkorligimizni yanada kengaytirish niyatidamiz.
24-martga qadar davom etadigan xalqaro anjumanlarda “Veterinariya” va “Oziq-ovqat xavfsizligi” sohalarini rivojlantirish, Yevropaning hamkor universitetlari tajribasiga tayangan holda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarini oliy ta’lim muassasalarida joriy etish hamda almashuv dasturlari asosida talaba yoshlarimizni Yevropada o‘qishi uchun imkon yaratishga qaratilgan masalalar muhokama qilinadi.

























