Faol deputat muammoga yechim topadi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Mart 16, 2018

Faol deputat muammoga yechim topadi

Toshkent viloyati Angren shahridagi “Yangihayot” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi bilan ochiq muloqot va sayyor qabul o‘tkazildi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi vakillari, xalq deputatlari viloyat va shahar Kengashlari deputatlari, shahar hokimligi, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda aholi bandligi, bankdan kredit olish, turar joy, kommunal xizmat va tadbirkorlik faoliyatiga oid 20 ga yaqin muammolar tinglandi.

Fuqaro Shavkat Erkaevning mahalla ko‘chalari, ariq va zovurlarda noqonuniy to‘planib qolayotgan chiqindilarni bartaraf etish uchun maxsus texnika ajratish, muddati o‘tgan suv quvurlarini yangisiga almashtirish yuzasidan qilgan murojaati ijobiy hal qilinadigan bo‘ldi.

– Har yili mahallamizdagi ariq va zovurlarda to‘planib qolgan chiqindilarni tozalashga qiynalamiz, – deydi mahalla faoli Sh.Erkaev. – Shu bois maxsus texnika ajratilsa og‘irimiz ancha yengillashar edi. Suv quvurlari ancha yildan buyon ta’mirtalab holatda. Yorilgan kuvurlar ko‘pligidan yoz bo‘yi ko‘chada ichimlik suvi bekorga oqib yotsa, qishda muzlab qoladi. Buning natijasida mahallamizdagi ba’zi xonadonlarga suv yetib bormaydi. Aholi esa uzoq masofadan suv tashishga majbur bo‘ladi.

Gulsara opa uyida 16 nafar kishi istiqomat qiladi. Onaxonning kasb-hunar kollejini bitirgan 3 qizi ishsiz edi. Sayyor qabulda bu oiladagi ishsizlik muammosiga ham yechim topildi.

Tadbirda deputatlar tomonidan hududdagi muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborildi.

Shahar hokimligi hamkorligida joriy yilda ushbu mahallani yanada obod qilishga mo‘ljallangan manzilli dastur ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, hududdagi elektr ta’minoti tarmoqlarining ishlash quvvatini oshirish, ko‘chalarni asfaltlash, bolalar o‘yin maydonchasi qurilish, ariq yoqalari va bo‘sh turgan joylarga mevali va manzarali ko‘chatlar ekish rejalashtirilgan.