Hindistonlik shifokorlar Namanganda

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Fevral 19, 2018

Hindistonlik shifokorlar Namanganda

Hindistonning «Fortes» klinikasi shifokorlari Namangan shahrida aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

Namangan viloyatida 2017-yili Rossiya, Germaniya davlatlarining yirik tibbiyot muassasalari shifokor va olimlari aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, tashxislash, muolaja qilish, jarrohlik amaliyoti kabi tibbiy xizmatlar ko‘rsatgan edi.

Navbatdagi shunday tadbirda hindistonlik mutaxassislar aholi vakillarini kardiojarrohlik, ortopediya-neyrojarrohlik va nefrologiya-urologiya yo‘nalishlari bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Hindistonlik shifokorlar tomonidan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat kardiologiya markazi, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi poliklinikasida o‘tkazilgan ko‘rikda aholiga tegishli tavsiya hamda maslahatlar berildi.

– Sakkiz yildan buyon yurak xastaligi tufayli tez-tez shifoxonada davolanaman, – deydi bemor Jahongir Sultonov. – Aslida o‘zimizning shifokorlar ham xorijlik mutaxassislardan qolishmaydi. Ko‘ngil ekan-da, darddan butunlay forig‘ bo‘lish uchun Hindistonda davolanib kelish haqida o‘ylab yurgandim, biroq imkoniyatim yo‘q edi. Mana bugun hindistonlik kardiologlarning o‘zi mening yonimga turibdi. Ular salomatligimni, xastaligimga oid tekshiruv ma’lumotnomalarini o‘rganib, tegishli tavsiyalar berdi. Bunday xayrli ish tashkilotchilaridan minnatdorman.

–Uzog‘imiz yaqin bo‘lib, hindistonlik shifokorlar diyorimizga kelishdi, – deydi farg‘onalik Sayyora Xolmatova. – Bugungi ko‘rikda 10 yoshli qizim Mushtariyni malakali mutaxassisga ko‘rsatdim. Uning xulosasi va maslahatlaridan ko‘nglim ancha taskin topdi. “Qizingiz, albatta, sog‘ayib ketadi”, deb ishontirdi va shifoxonada davolanish uchun yo‘llanma berdi. Judayam xursandman.

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi poliklinikasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda xorijlik mutaxassis nefrologlar tavsiyasiga ko‘ra, buyrak kasalligidan aziyat chekayotgan onaxon Muharram Jo‘rayeva zudlik bilan kasalxonaga yotqizilib, tezkor muolaja tartibi belgilandi.

«Fortes» klinikasi vakillari orasida nafaqat shifokorlar, balki investitsiya bo‘yicha menejerlar ham bor. Ular o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari ko‘lamini yanada kengaytirish masalalari bo‘yicha muzokara olib bordi.