Ijtimoiy tarmoqlar aks-sadosi: “Oylik maoshlarni ham hisobga oldingizmi, janob ekspert?”

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 19, 2018

Ijtimoiy tarmoqlar aks-sadosi: “Oylik maoshlarni ham hisobga oldingizmi, janob ekspert?”

O‘zAda e’lon qilingan “Toshkentdagi jamoat transportining narxi Moskvadagidan olti barobar arzon” va boshqa maqolalarni o‘qib, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlarga ekspert Akmal Abduraimovning javobi. 

Maqola yuzasidan bildirilgan fikrlar orasida “oylik maoshni hisobga oldingizmi”, degan savol juda ko‘p marta takrorlangan. Ekspert bu masala yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.

– BMTning inson taraqqiyoti indeksi bo‘yicha O‘zbekiston 2017 yil 188 xorijiy davlat orasida 105-o‘rinni egallaganligi qayd etilgan, – deydi ekspert. – Bunday holatlarda turmush darajasini qiyoslash orqali baholash mumkin. Xususan, 2017 yilda mamlakatimizda aholining jami real daromadlari hajmi 2016 yilga nisbatan deyarli 5,7 foizga oshgan holda aholi jon boshiga ko‘ra qariyb 5,4 million so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘pmi yoki kammi? Bu savolga javob berish uchun MDH mamlakatlaridagi xuddi shu ko‘rsatkichlarni ko‘rib chiqish yetarli, deb o‘ylaymiz.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, xarid qobiliyatini tenglashtirish hisobiga 2016 yilda aholining real daromadlari hajmi mamlakatimizda jon boshiga 6 650 AQSh dollarini tashkil qildi va 2000 yilga nisbatan 3,4 barobar ko‘paygan. Shu davrda ushbu ko‘rsatkich Rossiyada – 3,4, Qozog‘istonda – 3,1, Belorussiyada – 2,9, Qirg‘iziston va Ukrainada – 2,2 barobarni tashkil qilgan.

To‘g‘ri, bu ko‘rsatkichning o‘sish sur’atlari yuqori bo‘lgani bilan uning mutlaq darajasi hali biz xohlagan darajadan ancha past. Shu bilan birga, turmush darajasi yuqori, rivojlangan davlatlarda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar bundan bir necha barobar yuqori ekanligini albatta e’tirof etamiz.

Bu yili o‘rtacha oylik ish haqi deyarli 1 million 453 ming so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Ammo bu ko‘rsatkichlar qanchalik to‘g‘ri? Statistik raqamlar bizning real daromadimizni aks ettiradimi? Biz soliq yoki statistika organlariga barcha daromadlaringizni ko‘rsatayapmizmi? degan savollar javobsiz, ochiq qolmoqda.

Aholi daromadlarining tarkibiy qismida oylik maoshdan tashqari unsurlar ham borligini hisobga olishimiz zarur. Maosh oila daromadlarining bir qismi, xolos. Daromadlarimiz tarkibida “ijtimoiy transfertlar” nomi bilan umumlashtiriladigan pensiya, ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam kabi to‘lovlarning ham sezilarli o‘rni bor.

Yoki bo‘lmasa kirakashlik qilib, aholining hojatini chiqarib olinayotgan daromadlar rasmiy hisobga kiritilganmi? Yana bir hisobga kirmagan daromad manbai – tomorqamizda yoki issiqxonamizda yetishtirilayotgan ko‘katlar, meva va sabzavotlardir – aks holda ularni biz bozordan yoki do‘kondan sotib olardik-ku?! Yoki bo‘lmasa qo‘shma korxonalarda va firmalarda “konvert”da oylik berish odat bo‘lib qolgan. Oqibatda, oylik ish haqimizni kamaytirib ko‘rsatib, haqiqiy daromadimizni davlatdan yashiradigan ham o‘zimiz, natijada davlat byudjetiga tushishi mumkin bo‘lgan daromad solig‘ini va kelajakdagi pensiyamiz miqdorini kamaytirgan ham o‘zimiz.

Shu nuqtai nazardan qaraganda “daromadimiz past”ligidan ajablanishimiz noo‘rinligi ham ko‘zga tashlanadi. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, ichki bozordagi narxlar jahon narxlaridan bir necha bor past. Aslida bu faqatgina O‘zbekistonga xos jihat ham emas, ko‘pchilik mamlakatlarda narxlar darajasi bir necha bor farq qilishi kuzatiladi. Bunga nafaqat aholining to‘lov qobiliyati yoki daromadlari hajmi, balki soliqlar darajasi, elektr energiyasi, gaz va boshqa infratuzilma xizmatlari, yer-mulk narxlari darajasi va boshqa bir qator omillar ta’sir qiladi.

Jahon Bankining ma’lumotlariga ko‘ra, masalan, Avstriyadagi narxlar darajasi Vengriyadagi narxlardan 1,9 barobar, Vengriya bilan Rossiya 1,3 barobar, Rossiya bilan O‘zbekiston narxlari esa 1,2 barobar farq kiladi. Yoki O‘zbekiston va Avstriyadagi narxlarni solishtirsak 2,7 marotaba farq qiladi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda uzoq yillar davomida amalga oshirilgan narxlar siyosati narxlar darajasini va nisbatlarini bugungi kun uchun nomunosib holga keltirib qo‘yganini ham e’tirof etishimiz darkor. Shuning uchun ham narxlarni aholining to‘lovga qobiliyatiga va korxonalar raqobatbardoshligiga ta’sirini hisobga olib bu borada ham mamlakatimizda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganligini qayd etishimiz zarur.

Ba’zi kishilar narxlar (inflyatsiya) darajasini bir yoki bir nechta tovar turlari narxlarning o‘zgarishiga qarab baholashga harakat qilishadi. Kimdir inflatsiya darajasini go‘sht narxining o‘sishi bilan, kimdir shakarning, kimdir qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxining o‘sishi bilan, yana kimdir esa benzin narxi orqali baholaydi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining tajribasiga muvofiq, bu ko‘rsatkichni hisoblash metodologiyasi xalqaro talablar darajasiga keltirildi. Chunki aslida esa inflatsiya darajasini hisoblashda, xalqaro amaliyotga ko‘ra, aholi iste’mol qiladigan barcha tovar va xizmatlar narxlarining o‘rtacha o‘zgarishi (o‘sishi yoki pasayishi) hisobga olinishi lozim. Narxlarning umumiy o‘zgarishiga ushbu tovar va xizmatlarning aholi iste’molidagi ulushi ham ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, 2017 yilda go‘sht narxi 35,9 foizga, tuxum-36,1 foizga, o‘simlik yog‘i- 15,3 foizga, guruch -16,2 foizga, shakar -28,8 foizga, kartoshka -64,2 foizga oshgan, karam – 9 foizga va sarimsoq piyoz narxi esa 22,5 foizga tushgan bo‘lsa, o‘rta hisobda narxlarning o‘sishi (ya’ni inflatsiya) 14,4 foizni tashkil qilgan.

Yana bir muhim masala bor. Oilamiz farovonligini oshirish uchun o‘zimiz ham yetarlicha harakat qilyapmizmi?

Bozor iqtisodiyoti o‘z ichki xususiyatiga ko‘ra iqtisodiy erkinlik va tashabbusga asoslangan shunday tizimki, unda har kim o‘zining aqliy salohiyati hamda xatti-harakatiga muvofiq ravishda hayot farovonligiga ega bo‘ladi. Boshqalarga nisbatan mehnatining samarasi baland bo‘lgan kishilar, albatta, shunga yarasha yaxshiroq hayot tarziga ega bo‘ladi.

Bozor iqtisodiyoti tizimida yuqori malaka, aqliy salohiyat, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan shaxslar har doim boshqalarga nisbatan yaxshi yashashi xammamizga ma’lum. Shuning uchun, kim jamiyatda munosib o‘ringa ega bo‘lishni xohlasa, iqtisodiyotda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan hamnafas bo‘lishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun o‘z ustida muttasil ishlashi talab qilinadi. Bu achchiq, ammo adolatli qoida-ku?

Shu bilan bilan birga, aholining kuchli tabaqalanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mamlakatimizda kam ta’minlangan, yoshi ulug‘ hamda nogironligi bor shaxslarni kuchli ijtimoiy himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Biz yuksak rivojlangan va izchil taraqqiy etayotgan kishilik jamiyatida yashamoqdamiz. Shuning uchun aholi turmush darajasini hisoblashda faqat moddiy emas, balki hayotning ijtimoiy-ma’naviy jihatlarini ham hisobga olishimiz lozim bo‘ladi.

Aytish joizki, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va xotirjamlik, millatlararo totuvlik, diniy erkinlik, bepul tibbiy xizmat va boshlang‘ich ta’lim tizimi O‘zbekistonning har bir fuqarosida Vatanimizga iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Bolajon va mehnatkash xalqimiz qadim-qadimdan ushbu qadriyatlarni ulug‘lab, avloddan-avlodga yetkazmoqda. Bunday muhim boyliklarni saqlash, mustahkamlash, ko‘paytirish va ulardan hayotimizni yanada farovon va go‘zal qilishda samarali foydalanish barchamizning muqaddas burchimizdir.

Siz qanday fikrdasiz? Fikr bildiring.