Mamlakatimiz ichki ishlar organlari faoliyatida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli endi chorrahalar, stadionlar, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, sog‘liqni saqlash muassasalari, bozorlar, masjidlar, yo‘l-patrul xizmati maskanlari, savdo, ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ko‘p qavatli uylar kuzatuv kameralari orqali nazoratga olinmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalarini kundalik hayotimizga joriy etishda qo‘llanilayotgan ushbu yangi usul fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, o‘g‘rilik, bezorilik kabi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni tezkorlik bilan fosh qilishda muhim omil bo‘layotir.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlari navbatchilik qismlarida Wi-Fi tizimi orqali korxona-tashkilot va muassasalar, savdo va ovqatlanish shoxobchalaridagi kuzatuv kameralariga ulanish va tasvirlarni ko‘rish imkonini bermoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu kameralar orqali 500 metr masofadagi voqealarni kuzatish mumkin. Raqamli uskunalar kunduzi 300-400, kechasi 200 metr uzoqlikdagi fuqaroning shaxsini aniqlash imkonini beradi. Tabiiyki, kamera borligini sezgan fuqaro qonunga zid xatti-harakatlardan tiyiladi. Shuningdek, kuzatuvning bu usuli jinoyatlarni tez ochishga xizmat qilmoqda.
Masalan, Jizzax shahrida joylashgan “Zebo” savdo markazidagi shoxobchalardan birida sodir etilgan o‘g‘rilik kuzatuv kamerasi yordamida “izi sovumasdan” fosh etildi. Eshikni buzib kirib, shoxobchadan 12 dona uyali telefon, bitta noutbuk va 800 ming so‘m pulni olib chiqib ketgan shaxs kuzatuv kamerasidagi tasvir orqali shu kuniyoq qo‘lga olindi.
– 2017-yilda viloyatimizdagi inshootlar 2016 yilda o‘rnatilganiga nisbatan ikki barobar ko‘p kuzatuv kameralari bilan jihozlandi, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasining axborot texnologiyalari, aloqa va axborotlarni himoyalash bo‘limi boshlig‘i Nizom Yoqubxonov. – “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini amalga oshirishda axborot texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda joriy yilda o‘tgan yilgidan ikki barobar ko‘p, ya’ni 5 ming 114 kuzatuv kamerasi o‘rnatish rejalashtirilgan.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi internetda o‘z saytini ochib, boshqarma faoliyati, yuz berayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar, yo‘qolgan va qidiruvdagi shaxslar haqida doimiy ma’lumot berib borishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham ish olib borayotir.


























