Maktabgacha ta’lim hamda sog‘liqni saqlash muassasalari oziq-ovqat ta’minotini moliyalashtirish masalalari bilan bog‘liq muammolarga qanday yechim topilmoqda?

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 28, 2018

Maktabgacha ta’lim hamda sog‘liqni saqlash muassasalari oziq-ovqat ta’minotini moliyalashtirish masalalari bilan bog‘liq muammolarga qanday yechim topilmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etilgan maxsus komissiyaga maktabgacha ta’lim muassasalarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash tartibini o‘rganish hamda sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlar yetkazib berishning shaffof hamda soddalashtirilgan tizimini yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifasi belgilangan.
Shu vaqtgacha byudjet muassasalarini yetarli darajada oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga mablag‘ ajratilishida ko‘plab muammolar bo‘lgan. Shuningdek, ajratilgan mablag‘lar evaziga xarid qilingan oziq-ovqat mahsulotlarini tarbiyalanuvchilarga yoki bemorlarga to‘liqligicha yetkazib berilishiga, mahsulotlarning sifatiga hech kim kafolat bermagan. Moliya organlari hamda byudjet mablag‘lari taqsimlovchilari ushbu muammolarga yetarlicha e’tibor qaratmagan.
Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Moliya vazirligi tomonidan byudjet muassasalarini moliyalashtirishdagi mavjud muammolarni aniqlash yuzasidan joylarga chiqqan holda o‘rganishlar olib borildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra byudjet muassasalarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda bir qator kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Xususan, muassasalarni belgilangan me’yorlar asosida oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun byudjetdan yetarlicha mablag‘ ajratilmaganligi, davolanuvchilar va tarbiyalanuvchilar uchun ovqat tayyorlanishining sifati va vitaminli ozuqalar (meva, sabzavot va boshqa mahsulotlar) bilan ta’minlash darajasi talablarga javob bermasligi kuzatildi.
Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish, joylarga yetkazish, tayyor ovqatlar tayyorlash tizimida shaffof mexanizmlar o‘rnatilmaganligi oqibatida turli xil kamomad va o‘zlashtirishlarga yo‘l qo‘yilayotganligi, qish-bahor mavsumi uchun byudjet muassasalari oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlash va ularni saqlash masalalari ma’lum bir mezon va me’yorlar bilan tartibga solinmaganligi aniqlandi.
Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish, ijtimoiy soha muassasalarida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashning shaffof mexanizmlarini joriy etish, shuningdek oziq-ovqat bilan ta’minlash tadbirlarini moliyalashtirish ahvolini yaxshilash yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, ovqatlanish xarajatlariga byudjet mablag‘larini ajratishda moliya organlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Moliya vazirligi tomonidan 2018-yilda har bir tarbiyalanuvchi (bemor) uchun yagona yondashuv asosida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun mablag‘ ajratish tizimi joriy etilmoqda.
Bunda byudjet muassasasining turi, kontingenti; maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning muassasada bo‘lish vaqti; oziq-ovqat bilan ta’minlashning sanitariya me’yorlari va boshqalar kabi mezonlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Bundan tashqari, 2018-yildan boshlab maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalar qamrovini oshirish maqsadida (ota-onalarning talablariga asosan) 9 soatlik guruhlarga qatnaydigan bolalar uchun ota-onalar to‘lovi sezilarli ravishda kamaytirildi. Masalan, qishloq joylardagi bog‘chalarda 90 ming so‘m o‘rniga 60 ming so‘m, tuman markazlarida esa 85 ming so‘m etib belgilandi.
Shuningdek, viloyatga bo‘ysinuvchi shaharlarda (Bekobod, Angren, Marg‘ilon va boshqalar) joylashgan bog‘chalarda ham viloyat markazlariga nisbatan qariyb 10 foizga pasaytirilgan miqdorlar belgilandi.
Byudjet muassasalarida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari va sanitariya me’yorlari asosida oziq ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun mablag‘larni rejalashtirilishi yuzasidan yaqin kunlarda ommaviy axborot vositalari orqali qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi