Milliy yarashuv — afg‘on nizosini hal qilishning bosh omili

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Mart 26, 2018

Milliy yarashuv — afg‘on nizosini hal qilishning bosh omili

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash muammolariga bag‘ishlab tashkil qilinayotgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida oliy darajadagi konferensiya yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi Qodir Jo‘rayev o‘z fikrlarini bildirdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston jafokash afg‘on zaminida tinchlik o‘rnatilishidan manfaatdor davlat hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekiston qo‘shni mamlakatda uzoq muddatli barqarorlik va tinchlik saqlanishining qat’iy tarafdori sifatida bu mamlakatga nisbatan an’anaviy tarzda yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona siyosat yuritayotganligini kuzatishimiz mumkin.

O‘zbekistonning afg‘on muammosi yuzasidan tutgan tinchlikparvar pozitsiyasi mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘zining qator chiqishlarida, xususan, 2017 yilning sentabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida batafsil bayon qilgan edi. Prezidentimiz jumladan, «Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni ta’minlashning muhim sharti bo‘lib qoladi. Aminmizki, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li – markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishdir. Muzokaralar afg‘onistonliklarning o‘zlari hal qiluvchi o‘rin tutadigan holda, Afg‘oniston hududida va BMT shafeligida o‘tishi lozim. Donishmand afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi mustaqil hal qilishga haqlidir» – deb alohida ta’kidlagan edi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston afg‘on muammosini hal qilish yuzasidan tashabbuslarini nafaqat so‘zda, balki o‘zining amaliy sa’y-harakatlari orqali ham namoyon etishga harakat qilmoqda. Hozirda mamlakatimiz Afg‘onistonning iqtisodiy infratuzilmasini rivojlantirishga, ijtimoiy masalalarni hal qilishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Jumladan, Afg‘oniston tarixida ilk temir yo‘l (Termiz – Hayraton – Mozori Sharif yo‘nalishida) bundan 5-6 yil ilgari o‘zbekistonlik quruvchilar tomonidan bunyod etildi va foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston qo‘shni mamlakatga shifoxonalar, maktablar, avtomobil yo‘llari, ko‘priklar qurishda ham baholi qudrat yordam ko‘rsatmoqda. Bugun Qobul shahri O‘zbekistondan yetkazib berilayotgan elektr energiyasi hisobidan yoritilmoqda. Joriy yildan boshlab, 100 nafarga yaqin afg‘onistonlik yoshlar o‘zbek tilini o‘rganish, temir yo‘l va boshqa mutaxassisliklarni egallash maqsadida Termiz shahrida tahsil olishni boshladi.

Ushbu misollardan ham ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston o‘z e’tiborini Afg‘onistondagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratib, bu borada xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishga harakat qilmoqda.

Hozirgi kunda Afg‘onistondagi vaziyat, afsuski, ancha murakkab bo‘lib, ichki nizo va qarama-qarshiliklar hali-hamon saqlanib qolmoqda. Shundan kelib chiqib, mamlakatimiz rahbari 2017 yilning noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzusidagi konferensiyada Markaziy Osiyo, jumladan, Afg‘onistonda mustahkam tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi qo‘shma sa’y-harakatlarning keng qamrovli dasturini taklif etdi.

Samarqanddagi xalqaro anjumanda so‘zga chiqar ekan, O‘zbekiston Prezidenti xavfsizlikka tahdidlarni “o‘ziniki va o‘zgalarniki” deb ajratishdan voz kechish, “yalpi xavfsizlik” tamoyiliga amalda rioya qilish zarurligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri da’vat qildi. Haqiqatan ham, Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirish mamlakatimiz tashqi siyosatining bosh maqsadi hisoblanadi. Shu bilan birga, Afg‘onistondagi nizoni hal qilmasdan turib ushbu maqsadga erishishning iloji yo‘q, chunki u tarixiy va geosiyosiy jihatdan Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas bo‘lagi hisoblanadi. Zero, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish nafaqat afg‘on zaminida, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror taraqqiyotning muhim omili sanaladi.

Qolaversa, Afg‘onistonda uzil-kesil tinchlik o‘rnatish orqali Markaziy Osiyo davlatlari Hind okeani va Fors ko‘rfazi portlariga chiqishning eng qisqa yo‘liga ega bo‘lishlari, Hindiston, Eron, Pokiston, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlariga o‘z mahsulotlarini eksport qilishlari mumkin.

Shundan kelib chiqib ta’kidlash mumkinki, Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatish masalalari yuzasidan amaliy muzokaralarni yo‘lga qo‘yish, ushbu mamlakatda milliy yarashuv jarayonini keng qo‘llab-quvvatlash uchun qulay muhit yaratish bugungi kunda har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. 20 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining ishtirok etishini hisobga oladigan bo‘lsak, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan mazkur xalqaro konferensiya Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, uning barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratish, afg‘on xalqining farovonligini oshirish va uning mintaqa va butun dunyodagi ijobiy jarayonlarga jalb qilinishini ta’minlashda muhim qadam sifatida xizmat qilishi shubhasizdir.