Norinlik fermerlar kutubxona qurdi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Fevral 3, 2018

Norinlik fermerlar kutubxona qurdi

Namangan viloyati Norin tumanida uchta kutubxona foydalanishga topshirildi. E’tiborlisi, kutubxonalar tumandagi ilg‘or fermerlar tashabbusi bilan barpo etildi. 
“Mahammadali ota nabirasi Burhonjon” fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jaligi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan peshqadam xo‘jaliklardan. Yuqori hosildorlik yuqori daromad va mustahkam iqtisodiyot demakdir. Fermer shunday imkoniyatni ziyo maskani barpo etishga yo‘naltirdi. Xo‘jalik hisobidan 270 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflab, tuman markazida zamonaviy kutubxona qurdi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 7-8 iyul kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida faollar ishtirokida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida xalqimizni ma’naviyatga oshno etish, xususan, o‘sib kelayotgan yosh avlodni yuksak ma’naviyat sohiblari sifatida kamol toptirishda kitob va kitobxonlikning ahamiyati beqiyos ekanini alohida ta’kidladi, – deydi “Mahammadali ota nabirasi Burhonjon” fermer xo‘jaligi rahbari Nabijon Mamadaliyev. – O‘sha uchrashuvda aytilgan gaplardan ruhlanib, tuman markazida bitta kutubxona qurishga ahd qilgan edim. Bugun o‘sha maqsadim ro‘yobga chiqdi. Kutubxona odamlarning sevimli maskaniga aylansa, yoshlarni yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilsa, degan orzudaman. Kelgusida bu yerda kitobxonlar tanlovi, shoir-yozuvchilar bilan ijodiy uchrashuvlar, badiiy asarlar muhokamasi kabi ma’naviy tadbirlar o‘tkazishni muntazam yo‘lga qo‘yamiz.
“Siddiqov Nodirbek” fermer xo‘jaligi rahbari Nodirbek Siddiqov tomonidan Qozoqovul qishlog‘ida loyiha qiymati 70 million so‘mlik, “Bo‘stonlik Anvarjon” fermer xo‘jaligi rahbari Anvarjon Umarov tomonidan Bo‘ston qishlog‘ida loyiha qiymati 80 million so‘mlik kutubxona qurib foydalanishga topshirildi.
– Ko‘p yillar jamoa xo‘jaliklarini boshqargan otamning xotirasini abadiylashtirishni orzu qilib yurar edim, – deydi Nodirbek Siddiqov. – Prezidentimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish, kutubxonalar tashkil qilish tashabbuslari ushbu orzuim ro‘yobga chiqishiga turtki bo‘ldi. Qisqa fursatda otamning shaxsiy kutubxonasi asosida ziyo maskani tashkil qilganimdan xursandman. Ushbu ziyo maskanida elektron kutubxonadan foydalanish imkoniyati ham yaratilgan.
Mazkur kutubxonalarning har biri 3 ming nusxadan ziyod kitob fondiga ega. Ziyo maskanlariga viloyat hokimligi tomonidan 60 million so‘mlikdan ziyod kitoblar to‘plami tuhfa etildi.
Kutubxonalarning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.