Nukuslik tadbirkor-ixtirochi 7 sotix erda 70 tonna tarvuz yetishtirmoqchi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 12, 2018

Nukuslik tadbirkor-ixtirochi 7 sotix erda 70 tonna tarvuz yetishtirmoqchi

2017-yilda turli ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda foydasiz deb chiqindiga tashlab yuborilgan buyumlardan mahsulot ishlab chiqarib, millionlab foyda ko‘rayotgan nukuslik tadbirkor-ixtirochi Rashid Qartbayev haqida shov-shuvli xabarlar tarqalgan edi.

Xabarlarda uning Nukus shahridagi ko‘plab ko‘p qavatli uylar yerto‘lasini tozalagani, kasallik tarqatayotgan hasharotlarga qarshi qanday qilib kurashayotgani, xalq orasida tozalikni saqlash borasida amalga oshirgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, korxonasidan chiqqan chiqindilardan polimer shifer, bruschatka, tashlandiq kiyim va matolardan gulqog‘oz, suyakdan suyak uni ishlab chiqargani, qumlikda joylashgan korxonasi atrofida qovun, paxta, oshqovoq kabi ekinlarni, hatto, gujum daraxtini ekkani haqidagi ma’lumotlar keltirilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkor keraksiz deb topilgan chiqindilardan 2017- yilda 1 milliard 200 million so‘m foyda ko‘rgan.
Mutaxassisligi biolog bo‘lgan R.Qartbayev mana, bir necha oydan buyon bolaligi o‘tgan «Nazarxan» ovul fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi, oilasi bilan xorijda ishlab pul topayotgan kishilarga bo‘sh yotgan yerdan foydalanish, millionlab foyda ko‘rish mumkinligini tushuntirishga harakat qilmoqda.

– Men ovul fuqarolar yig‘ini raisidan chetda ishlab yurgan fuqarolardan to‘rttasini topib bering, yerdan unumli foydalansa, yaxshigina daromad olishi mumkinligini isbotlab beraman, dedim. Menga ishonmadi shekilli, topib bermadi. O‘zim 7 sotix yeri bor shunday bir kishini topdim va u bilan shu yerda 70 tonna tarvuz yetishtirishga kelishdik. Hozir yerni tayyorlab qo‘yibman. Bahorda ishga kirishib, va’damning ustidan chiqishga harakat qilaman. Mening yagona maqsadim yurtdoshlarimiz ish qidirib chetda yurmasin, deyman. Zaminimiz shu qadar bebahoki, xohlagan kishi o‘z tomorqasidan millionlab foyda ko‘ra oladi. Men bunga qat’iy ishonaman, – deydi R.Qartbayev. – 2017 yilda tashlandiq mahsulotlardan unumli foydalandim. Suyakdan un ishlab chiqarib, uni omixta yemga aralashtirdim va shu bilan 300 jo‘ja boqdim. Bu ham menga qo‘shimcha daromad keltirdi.

Biz bu tajriba bilan qiziqdik va suyak uni olgan kishilar bilan suhbatlashdik.

– Rashidboy menga suyak uni tarkibida ilik yog‘i, kalsiy va boshqa foydali moddalar ko‘p bo‘ladi, yemga qo‘shsangiz, uy hayvonlari uchun g‘oyat foydali degan edi, – hikoya qiladi Ye.Allambergenov. – Aytganiday qilib parrandalarga berdim. O‘tgan yili tovuqlarim 4 marotaba jo‘jaladi. Demak, yaxshi parvarishlasang, suyak uni orqali 1 tovuqni 45 taga ko‘paytirish mumkin ekan. Tuxumi ham yirik va mazali. Shu yoshga kirib, hech bunaqasini ko‘rmaganman. Sigirim ham 6 litr yog‘li sut beradigan bo‘ldi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yil yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilingani tufayli ayni bizning yilimiz bo‘ldi, –deydi ixtirochi-tadbirkor R.Qartbayev. – Tadbirkorlikni boshlagan dastlabki paytlarda juda qiynalganman. Sababi, bundan 10-15 yil avval soliq va huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan ishimiz rivojiga yomon ta’sir ko‘rsatadigan keraksiz tekshirishlar bo‘lib turardi. Shunday tekshirishlar natijasida mening ish hujjatlarimdan ham kamchiliklar topilib, 2009-2011-yillarda sud tomonidan jazoga hukm etilganman. Prezidentimizga ming rahmat, mana bugun bizga o‘xshagan tadbirkorlarga keng yo‘l ochildi. Faqat ishla, harakat qil, yarat, yurt ravnaqiga hissa qo‘sh deyaptilar. Bu bizga kuch beradi. To‘g‘ri aytayaptilar, aslida tadbirkorlarga ko‘p narsa kerak emas, faqat xalaqit berilmasa bo‘lgani.

Tadbirkor R.Qartbayev shu kungacha o‘zi ixtiro qilgan topilmalarning deyarli hammasini amalda isbotlab kelmoqda. U aytayotgan gaplar avvaliga bizga ham qandaydir kelajakda ro‘y beradigan hikoyaday tuyulgan bo‘lsa-da, ularni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgach, ishondik. Buni bizga olis qaysidir mamlakatda, biz ismini ham aytishga qiynaladigan qandaydir olim emas, yurtimizda o‘zimizning Rashidboy amalga oshirmoqda. Shuning uchun hozir uning nomi Qoraqalpog‘istonda mashhur. Umidimiz endi u butun mamlakatimizga tanilsa, u qilayotgan ishlar boshqa viloyatlarda ham qo‘llab ko‘rilsa, foydadan xoli bo‘lmas, degan xayolga bordik.

Rashid Qartbayev to‘kilgan bargdan ekologik uy qurishni ham ixtiro qildi. Endi bunisi boshqa bir hikoya…