Hindiston poytaxtida ikki mamlakat davlat tuzilmalari, yetakchi kompaniyalari, investorlari va ishbilarmon doiralarining 250 dan ortiq vakillarini birlashtirgan “Hindiston – O‘zbekiston” biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi, Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FICCI), “Invest India” milliy agentligi hamda ikki davlatning sanoat va savdo vazirliklari tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi biznes-delegatsiya ishtirok etdi. Hindiston tomonini savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal, yirik kompaniyalar rahbarlari, davlat idoralari va mamlakatning yetakchi biznes birlashmalari vakillari taqdim etdi.
Biznes-dastur doirasida ikki tomonlama savdoni rivojlantirish istiqbollari, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashga bag‘ishlangan yalpi sessiya, taqdimotlar va tematik muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Sog‘liqni saqlash, energetika, axborot texnologiyalari, to‘qimachilik va tog‘-kon sanoati sohalaridagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.
Forumda so‘zga chiqqan ikki mamlakat vakillari o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga asoslangan iqtisodiy hamkorlikning yanada keng formatiga o‘tishdan manfaatdor ekanliklarini taʼkidladilar.
Hindiston biznesi vakillariga O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish, jumladan, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va mamlakatning turli hududlarida investitsiya tashabbuslarida ishtirok etish imkoniyatlari taqdim etildi.
So‘ng vazirlar sessiyasi boshlanib, unda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi tarixda birinchi marta 1,3 milliard AQSH dollaridan oshganini taʼkidladi. “Bu, albatta, yutuq, biroq bu hali ham ikki mamlakat iqtisodiyotlari ega bo‘lgan salohiyatdan ancha uzoq,” – dedi Laziz Kudratov o‘z nutqi davomida.
Vazir, shuningdek, ishtirokchilarga «kelgusi yillarda savdo hajmini 3-5 milliard dollarga yetkazish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirishni» taklif qildi. “Ishonchim komilki, biznes vakillarining faol hissasi bilan biz bu maqsadga erisha olamiz. Hukumatlar esa, o‘z navbatida, barcha zarur sharoitlarni yaratishda davom etadi,” – deya qo‘shimcha qildi u.
O‘z navbatida, savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal Hindiston-O‘zbekiston munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini taʼkidlab, hind tomoni iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
“Iqtisodiyotlarimiz ko‘p jihatdan bir-birini to‘ldiradi. Masalan, O‘zbekiston paxta ishlab chiqarishda kuchli salohiyatga ega, Hindiston esa kuchli to‘qimachilik sanoatiga,” – deya qayd etdi vazir. Uning taʼkidlashicha, bunday afzalliklarning uyg‘unligi qo‘shma loyihalarni rivojlantirish va sanoat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Forumning yakuniy bosqichi B2B va G2B formatlaridagi ikki tomonlama uchrashuvlardan iborat bo‘lib, unda ishtirokchilar hamkorlikning aniq yo‘nalishlari, istiqbolli investitsiya loyihalari va sheriklik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qildilar.
O‘zbekiston va Hindiston biznes vakillari salohiyatli hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatib, o‘z korxonalari faoliyati haqida maʼlumot almashdilar va ularning qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini taqdim etdilar.
Shu tariqa tomonlar ikki davlat iqtisodiy hamkorligini izchil rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqlab, istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikda saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Forum doirasida erishilgan kelishuvlar yangi investitsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
«Dunyo» AA


























