Buxoro viloyati Olot tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu paytgacha moslashtirilgan binoda faoliyat ko‘rsatib kelgan bo‘limdagi sharoitlar zamon talablariga mutlaqo javob bermasdi.
O‘ttiz o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy bino barcha qulayliklarga ega. Unda bemorlar yuqumli kasalliklar turiga ko‘ra, to‘rtta alohida boksda davolanadi. Bu esa xastaliklarning o‘zaro yuqish xavfi oldini oladi. Bo‘limda bemorlarni qabul qilish, shifokorlar uchun barcha sharoit yaratilgan.
Tuman tibbiyot birlashmasida oshxona va boshqa yordamchi obyektlar ham barpo etildi. Umuman, ana shu bunyodkorlik loyihalariga jami 6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
– Keyingi to‘rt yilda tumanda sohaning moddiy-texnik bazasi tubdan mustahkamlandi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i B.Rajabov. – Bu yerda tug‘ruqxona majmuasi, shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binolari va boshqa qator obyektlar qurilib, zamonaviy jihozlandi. Bu tumanimizda kasalliklarning oldini olish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

























