“O‘ttiz yillik faoliyatim davomida maktabgacha ta’lim muassasalariga bu kabi e’tibor hech qachon bo‘lmagan”

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Mart 1, 2018

“O‘ttiz yillik faoliyatim davomida maktabgacha ta’lim muassasalariga bu kabi e’tibor hech qachon bo‘lmagan”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorini o‘qigan yurtdoshlarimiz o‘z fikr-mulohazalarini shunday ifodalamoqda.

JAMOAMIZDAN SUYUNCHI OLISHGA SHOSHILDIM
Muborak Rashidova,
Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi
511-ixtisoslashtirilgan maktabgacha 
ta’lim muassasasi mudirasi:
— Kuni-kecha e’lon qilingan davlatimiz rahbarining mazkur qarori imzolangani haqida xabarni eshitib, jamoamizdan suyunchi olishga shoshildim. Jamoadoshlarim qanchalik sevinganini ko‘rsangiz edi?! Buni so‘z bilan ifodalash qiyin.
Muassasamizda yetmish xodim ishlaydi. Ularning 27 tasi oliy, 11 tasi o‘rta maxsus ma’lumotli va 32 tasi ishchi-xodimlardir. Har biri izlanuvchan, yangiliklar bilan tanishib boradi, eng muhimi, vazifasini sidqidildan ado etadi. Mavjud 12 guruhda rus va o‘zbek tillarida mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Barcha sharoit muhayyo. Tibbiyot, massaj va maxsus jismoniy tarbiya xonalari ham bolalar xizmatida. Doimiy psixolog nazorati tashkil qilingan.
O‘ttiz yillik faoliyatim davomida maktabgacha ta’lim muassasalariga bu kabi e’tibor hech qachon bo‘lmagan. Nima muammo bo‘lsa, yechim bog‘cha mudirasi, tarbiyachilar va ota-onalar zimmasida edi.
Mazkur qaror sohani tubdan isloh qilishga katta yo‘l ochdi.
MODDIY VA MA’NAVIY RAG‘BAT MEHNAT UNUMINI YUKSALTIRADI
Mohira Yo‘ldosheva,
Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi
492-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi:
— Bahorning ilk kunida bu qaror biz, tarbiyachilar uchun unutilmas sovg‘a bo‘ldi. Qarorda ko‘plab tarbiyachilarning oylik maoshiga 30 foiz ustama qo‘shib berilishi belgilangan. Moddiy va ma’naviy rag‘bat bor joyda mehnat unumi ham yuksaladi, albatta.
25 yildan buyon shu sohada mehnat qilaman. So‘nggi 15 yil davomida tarbiyachi bo‘lib ishladim. Doimo oliy ma’lumotli bo‘lishni orzu qilar edim. Yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, sirtqi oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirdim. Orzuim ushalyapti.
Ba’zan bolaning birgina so‘zi tufayli kishining bor tashvishlari unutiladi. Ayniqsa, ertalab bolajonlarning «Bog‘cha opa, meni sog‘indingizmi? Men sizni sog‘indim» degan gaplarini eshitib, ko‘nglim ko‘tarilib ketadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Shijoat bilan ishlab, bolalarga yaxshi bilim va tarbiya berib, bildirilgan yuksak ishonch va rag‘batni har tomonlama oqlashga intilamiz.
Ushbu maqola O‘zA obunachilariga taqdim etilgan yangilikning bir qismi bo‘lib veb saytda qisqartirilgan shaklda chop etildi.