Ozarbayjon axborot agentliklarining elektron portallarida O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan qator maqolalar e’lon qilindi.
“Ethnoglobus” axborot agentligi 2017 yil O‘zbekiston uchun tub o‘zgarishlar yili bo‘ldi, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar ro‘y bermoqda”, deya xabar qildi o‘z o‘quvchilariga.
“Mehnat bozori va fuqarolarning ishlash bilan bog‘liq huquqlarini muhofaza qilish bo‘yicha davlat siyosatini olib borish uchun mustahkam asos yaratildi. Ishchi kuchiga bo‘lgan talablarni rag‘batlantirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy himoya tizimini kengaytirish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda. Bu sohada jamoatchilik tomonidan amaliy nazorat olib borilmoqda, munosib mehnat tamoyillarini amalga oshirish uchun davlat, ish beruvchi va kasaba uyushmalari o‘rtasida konstruktiv, ijtimoiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan”, deya ta’kidlaydi axborot agentligi.
Muallif mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Aholi bandligiga ko‘maklashish nodavlat tashkilotlari (rekruting agentliklari) to‘g‘risida”, “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘rsida”, ”Yarashtiruv (mediatsiya) to‘g‘risida”, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni misol tariqasida qalamga olgan.
“Ishchilarning asosiy huquqlariga rioya etilishi va islohotlar yo‘li uchun siyosiy irodaning yetarligi ekanligi Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida o‘z tasdig‘ini topgan”.
O‘z navbatida, “Turkish Forum” axborot agentligi ham O‘zbekistonda hukm surayotgan do‘stlik va birdamlik muhiti to‘g‘risida fikr yuritgan.
Diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, fuqarolar totuvligi va hamjihatligini mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash mamlakatda davlat siyosatining muhim ustuvorlaridan biri sifatida qalamga olingan.
“O‘zbekistonda 16 ta turli dinlarga aloqador bo‘lgan ikki mingdan ziyod diniy tashkilotlar faoliyat olib bormoqda. Respublikada nasroniylarning 158 ta tashkiloti, yahudiylarni 8 ta birlashmasi, 6 ta bahay birlashmasi, krishnaitlar jamiyati, budda ibodatxonasi, hammasi bo‘lib islom diniga mansub bo‘lmagan 174 ta tashkilot mavjud.
Faoliyatlari samaradorligini oshirish uchun 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari o‘z nashrlariga ega. 2017 yil may oyida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘mita tashkil qilingan.
Joriy yilda qabul qilingan Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi doirasida “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida” deb nomlangan din sohasidagi davlat siyosatining kontseptsiyasi loyihasi ustida ish olib borilmoqda”.
“Turkish Forum”ning qayd etishicha, O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik mamlakatdagi islohotlarning samaradorligini oshirishga, respublikaning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini ko‘tarishga ko‘maklashishi muqarrar.
“Jahon” AA,
Boku


























