O’zbekiston hududida musiqa san’ati qadimgi davrlardan rivojlanib kelgan. San’at rivoji cholg‘u asboblarining paydo bo‘lishi va takomillashuvi bilan yonma-yon kechgan.
Islom sevilizatsiyasi markazining ma’lumotiga ko‘ra, Samarqand yaqinidagi Mo‘minobod qishlog‘idan topilgan 3300 yillik tarixga ega suyakdan yasalgan nay yurtimiz Sharq cholg‘u asboblari paydo bo‘lgan hududlardan bo‘lganini ko‘rsatadi.
Afrosiyob freskalarida aks ettirilgan qo‘shiqchi va sozandalar tasvirlari ham ushbu xulosani tasdiqlaydi.
1964-yil Samarqand viloyati, Urgut tumani, Mo‘minobod qishlog‘i hududida bronza-jez davridan qolgan obidalarning mavjudligi aniqlangan. Shu qishloqda istiqomat qiluvchi Mirzo Toshboyev o‘z tomorqasida tok qalamchalarini qadayotib, antiqa qabr ustidan chiqib qoldi. Qabrdan qo‘llarida qo‘ng‘iroqsimon zirak, burniga kumush suvi yurgizilgan halqa taqilgan chaqaloq skeleti topilib, uning bosh tomonida sopol parchalari, shuningdek, suyakdan yasalgan nay va bir qancha marjon bo‘laklari sochilib yotgan.
Voqeadan xabar topgan bir guruh arxeolog va etnograflar bu yerga kelib uni sinchiklab o‘rganishgan.
O‘rganishlar natijasida ana shu buyumlarga asoslanib, Urgutda bronza-jez davrida ham odamlar yashaganligini, hunarmandchilik keng tarqalganligini ta’kidlangan.
Hozirda bu nay Samarqand shahridagi O‘zbekiston madaniyati tarixi muzeyida saqlanmoqda.
– O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining “O‘zbekiston – nay musiqiy asbobi vatani” medialoyihasi doirasida Mo‘minoboddan topilgan nay cholg‘usining nusxasi yaratilib, ekspozitsiyaga qo‘yiladi. Shuningdek, nay cholg‘usining paydo bo‘lishi, takomillashuvi va bugungi ko‘rinishlari hamda imkoniyatlarini ochib beruvchi hujjatli film yaratiladi, mazkur masala bo‘yicha ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi va bo‘lim elektron kutubxonasiga joylashtiriladi, – dedi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy xodimi Alimardon Hayitov.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, musiqa haqidagi falsafiy-estetik ta’limotlar Abu Nasr Forobiy va Ibn Sino kabi qomusiy olimlarning asarlarida uchraydi.
3300 yillik topilma O‘zbekiston hududida madaniyat va san’at, xususan, musiqaning rivoji qadim tarixga ega ekanidan dalolat beradi.
O‘zA