Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vazirlari raisligida ikki davlat chegaradosh viloyatlari rahbarlari kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri S.Isakov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Mamlakatimiz o‘z tashqi siyosatida, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Keyingi paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalari faollashayotgani buning yorqin dalilidir. Jumladan, Qirg‘iziston Respublikasi bilan hamkorlik yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Parlamentlar, turli vazirlik va idoralar, hududlar o‘rtasida aloqalar tobora kengaymoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 5-6 sentabr kunlari Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston Respublikasi hukumatining chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari kengashini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo anglashuv memorandumi imzolangan edi. Mazkur kengash tomonlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish, doimiy monitoringi va tahlilini olib borish, ayniqsa, chegaraoldi viloyatlar o‘rtasida munosabatlarni mustahkamlash, turli takliflar ishlab chiqish hamda muammolarni amaliy hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilishda chegaraoldi hududlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy, investitsiyalar jalb etish, turizm, madaniy va ma’rifiy sohalarda aloqalarni kengaytirish, O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasida fuqarolar uchun sharoitlarni yaxshilash va nazorat-o‘tkazish punktlari sonini ko‘paytirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

Tadbir doirasida Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi sanoat korxonalari va tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Qo‘shni mamlakat vakillari ishtirok etgan ko‘rgazmada bir qator manfaatli shartnomalar imzolandi.


Ko‘rilgan masalalar yuzasidan protokol imzolandi.


























