O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Dehli shahrida Hindiston quyi palatasi spikeri Om Birla bilan uchrashdi.
“Hindiston parlamenti quyi palatasi – Lok Sabha spikeri, janob Om Birla bilan samimiy va mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining Telegram-kanalida. – O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashda parlamentlararo diplomatiyaning muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Parlamentlararo muloqotni kengaytirish, do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish hamda qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalarini muhokama qildik.
Om Birla o‘tgan yili O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifini iliq xotiralar bilan eslab, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida ko‘rsatilgan yuksak mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun yana bir bor minnatdorlik izhor etdi.”
“Dunyo” AA


























