So‘nggi yillarda turizm milliy iqtisodiyotimizning o‘sish omillaridan biri sifatida boshqa turli tarmoqlarni ham rivojlantirish drayveriga aylandi. Ayniqsa yangi ish o‘rinlari yaratishda ushbu soha beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekistonda turizm industriyasi va xizmatini rivojlantirishga davlat tomonidan alohida e’tibor berilmoqda. Joriy yilning 10 oyi davomida 18 me’yoriy hujjat – Prezidentning 3 farmoni va 6 qarori, hukumatning 9 qarori tasdiqlangani ham fikrimizni isbotlaydi.
Sohaning normativ-huquqiy asosi takomillashtirilib, muntazam ravishda tadbirkorlarga soliq imtiyozi, preferensiya taqdim etilib, milliy turizm salohiyatini ichki va tashqi brlarda samarali targ‘ib qilish uchun sharoit yaratilmoqda, viza tartibi liberallashtirilib, qulay sayyohlik muhiti shakllantirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi yurtimiz sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish yo‘lida muhim qadamlar tashladi.
Yil raqamlarda…
2024 yil davomida diyorimizga jami 8,6 million nafar xorijiy sayyoh keldi. Ularga 2,7 milliard dollarlik xizmat ko‘rsatildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p. Yevropa va boshqa mintaqalar hamda qo‘shni davlatlardan keluvchilarning o‘rtacha xarajati 2022 yilga nisbatan 1,5 barobar oshgan.
Maqsadli xorijiy davlatlardan turizm oqimi sezilarli jadallashdi. Jami miqdorda chegaradosh o‘lkalar fuqarolari ulushi 2018 yildagi 87 foizdan 80 foizga tushdi, Ko‘hna qit’a va boshqa uzoq davlatlar hissasi 5,3 foizdan 9,0 foizga ko‘tarildi.
Turizm tuzilmalari faoliyati
Sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi 762 yangi sub’ekt faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida turistik tashkilotlar va turagentlar soni 3581 taga yetdi. Bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab 3200 gid-ekskursovod ishlayapti. Joriy yilning o‘zida ayni raqam 700 taga ortdi.
O‘zbekiston turizm salohiyatini Yevropa, Shimoliy Amerika, Osiyo-Tinch okeani, Yaqin Sharq, Xitoy va Markaziy Osiyo mintaqalarida keng targ‘ib qilish maqsadida “World Media Group”, “Blue Sky”, “Sky one”, “Wanderlust”, “Euronews”, “BBC”, “National Geographic”, “CNN” “Travel Tomorrow”, “Warner Bros. Discovery”, “Saga travel Group” xalqaro mediakorporatsiyalari, shuningdek “Ctrip.com”, “Holiday factory”, “Voyage Prive” onlayn sayohat platformalari kabi qator xorijiy tashkilotlar va televideniyelar bilan shartnoma asosida xalqaro miqyosda mamlakatimiz imiji ilgari surilgani e’tirofga loyiq.
O‘zbekiston xalqaro ko‘rgazmalar va madaniy tadbirlarda faol
2024 yil dunyoning yetakchi 16 mamlakatida bo‘lib o‘tgan 18 xalqaro yarmarkada O‘zbekiston milliy turizm stendi bilan ishtirok etdi. 12 davlat – Xitoy, Eron, Tojikiston, Buyuk Britaniya, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Kuvayt, Belarus, Vengriya, Janubiy Koreya va Rossiyada “Road show” madaniy va taqdimot tadbirlari o‘tkazildi. AQSH, Yaponiya, Germaniya va Xitoyda yurtimiz turizm brendi elchilari va vakillari tayinlandi.
25-26 aprel kunlari “Shahrisabz – Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti” xalqaro forumi, “Xiva – 2024 yilda Islom dunyosi turizm poytaxti” shiori ostida joriy yil 31 may-2 iyun kunlari Xiva shahrida Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar turizm vazirlari XII yig‘ilishi yuqori saviyada o‘tkazildi.
Ilk bor mart, avgust va sentyabr oylarida barcha hududlarda “Ichki turizm yarmarkalari” tashkil qilinib, ichki turizm yo‘nalishidagi 1700 ga yaqin tadbirkorlik sub’ekti, 18 000 dan ortiq ishtirokchi to‘plandi. Tadbirlar davomida ichki sayohatlar tashkil etish bilan bog‘liq 20 milliard so‘mlik 1300 shartnoma va bitim imzolandi.
Yil boshidan bugungi kunga qadar 20 dan ko‘p davlatning 100 ga yaqin ommaviy axborot vositasi vakillari, bloger va inflyuyenserlar uchun yurtimiz bo‘ylab 24 marta info va press-tur tashkil qilindi.
Xorij e’tirofi
Jahon iqtisodiy forumi tomonidan e’lon qilingan “Sayohat va turizmni rivojlantirish indeksi” tadqiqotiga ko‘ra, mamlakatimiz 2024 yil “Turizmni rivojlantirish bo‘yicha dunyoning eng faol mamlakati” deb topildi. Bu e’tirof mamlakatda xalqaro sayyohlarni jalb qilish va barqaror turizmni rivojlantirishga e’tibor kuchayib borayotganini bildiradi.
Londonda bo‘lib o‘tgan marosimda O‘zbekiston nufuzli “Wanderlust Reader Travel Awards 2024” mukofotining “Eng yaxshi rivojlanayotgan yo‘nalish” nominatsiyasida g‘olib chiqdi.
“Russian traveler” jurnali o‘tkazgan nufuzli tanlov hay’ati joriy yil O‘zbekistonni “MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi sayohat yo‘nalishi” deb atadi.
Imkoniyatlar
Mamlakatimizda turizm sektori tez rivojlanmoqda, xizmat sifati yaxshilanmoqda:
– Vizasiz rejim kuchaytirilgan. 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz kirish imkoni mavjud. Turistlarga jarayonni osonlashtirish uchun elektron viza tizimi joriy qilingan.
– Ichki transport infratuzilmasi tez rivojlanmoqda. Havo, temir yo‘l va avtobus qatnovi yaxshilangan. Taksi va karshering xizmati mavjud. Sayyohlar juda oson va qulay harakatlanadi.
– Ko‘plab zamonaviy mehmonxona va kurortlar, turizm markazlari ochilgan. Ushbu majmualarda zamonaviy xizmatlar, shuningdek sport zali, restoran va suv havzasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
– O‘zbekiston tarixiy va madaniy yo‘nalishlar, jumladan o‘ziga xos me’moriy yodgorliklarga boy, go‘zal tabiatga ega. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlardagi obidalar juda jozibador.
– Suvenirlar, mahalliy tovarlar xarid qilish imkoniyati bisyor. Hududlarda ko‘plab do‘konlar ochilgan. Mahalliy qoliplar, an’anaviy hunarmandlik mahsulotlari keng tarqalgan.
– Ekskursiya xizmati rivojlangan. Professional gidlar yetarli, turlar tashkil etilgan. Bu jarayonda sayyohlar tarixiy va madaniy yodgorliklarni, tabiatni tadqiq qilishi mumkin.
– Diyorimizda turizmni rivojlantirish uchun raqamli xizmatlar ham keng yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, mobil ilovalar va onlayn platformalar orqali har qanday ma’lumotni olish, tur va xizmatlarga buyurtma berish imkoni bor.
Tibbiy turizm – mehmondo‘stlik dasturi
Yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi doirasida qator ishlar amalga oshirildi.
Mamlakatimiz madaniyati, tarixi va an’analarini dunyoga keng namoyish etuvchi yo‘nalish sifatida turizm davlatlarni o‘zaro yaqinlashtiribgina qolmay, xalqaro munosabatlarni rivojlantirishning ham muhim omili hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan xalqaro turizm industriyasini oqilona tashkil etish, boshqarish, rivojlantirish, joylashtirish vositalarini takomillashtirish, bu boradagi jahon tajribasini o‘zlashtirish O‘zbekistonning xalqaro maydondagi jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.
O‘zA