Hindistonning bir qator turistik kompaniyalar vakillari uchun 12-16 avgust kunlari mamlakatimizning turistik imkoniyatlari va boy salohiyati bilan yaqindan tanishish msqsadida tanishuv safari tashkil etildi.
Tashrif dorasida Hindiston delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sanjar Tadjiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida xorijiy mehmonlarga yurtimizning boy tarixi, madaniy merosi, zamonaviy infratuzilmasi hamda sayyohlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil axborot berildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi sheriklikni har tomonlama mustahkamlash, o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish, yangi sayohat yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish va mamlakatimizning turizm brendini Hindiston bozorida faol ilgarilash masalalarini atroflichta muhokama qildilar.
«Enjoy travel» MChJ hamda «Hilton» mehmonxonasi ko‘magida tashrif buyurgan hindistonlik mehmonlar respublikamizning tarixiy obidalari, madaniyati, milliy taomlari va ziyorat turizmi yo‘nalishlariga yuksak qiziqish bildirdilar.
Muloqot so‘ngida O‘zbekistonning turizm salohiyatini Hindistonda targ‘ib etish va sayyohlar safini kengaytirishga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun xorijiy soha vakillariga tashakkur sertifikatlari topshirildi.
Turizm qo‘mitasi Hindiston kabi istiqbolli va ustuvor bozorlarda mamlakatimiz jozibadorligini oshirish, yangi amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda ikki tomonlama turizm almashinuvini kengaytirish borasidagi tizimli ishlarni izchil davom ettirmoqda.


























