Farg‘ona shahridagi Bolalar istirohat bog‘ida ana shunday shior ostida o‘tkazilgan festival yoshlarning katta shodiyonasiga aylandi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mingdan ziyod yosh ishtirok etdi.
– Mazkur festival hududdagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni targ‘ib etish, ularning sport, tasviriy san’at va kitob mutolaasiga bo‘lgan mehr va qiziqishini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona shahar kengashi raisi Farhod Abdillazov. – Sayil tarzida o‘tgan tadbir doirasida turli tanlov va aksiyalar o‘tkazildi. Festivalda Navro‘z bayramining ezgu qadriyatlari ham o‘z ifodasini topgan.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi kubogi uchun o‘tkazilgan mini futbol musobaqasida 21-umumta’lim maktabi o‘quvchilari jamoasi g‘olib bo‘ldi va 15 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. “O‘zbekiston – ko‘p millatli Vatan” mavzusidagi o‘zbek, rus, qirg‘iz, tatar, nemis, koreys xalqlarining milliy taomlari ko‘rgazmasi, “Kitobxon yoshlar – yurt ishonchi” shiori ostida kitob aksiyasi, hududdagi 41 umumta’lim maktabining iqtidorli o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan rasmlar tanlovi, shuningdek, stol tennisi va shaxmat-shashka musobaqalari tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.
– Festival doirasida o‘tkazilgan tanlov va aksiyalarda yoshlar faol qatnashdi, – deydi Farg‘ona shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi Yoshlar ittifoqi sardori Abrorjon Ashuraliyev. – Biz, yoshlarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor, o‘qib-izlanishimiz uchun yaratilayotgan sharoitlar barchamizni yetakchi, faol va tashabbuskor bo‘lishga, Prezidentimiz ishonchini oqlashga undamoqda.
Ko‘plab tanlov, aksiya va musobaqalar, bayram dasturlarini o‘z ichiga olgan mazkur tadbir farg‘onalik o‘quvchi-yoshlarning do‘stlik, ma’naviyat va kitobxonlik bayramiga aylandi. G‘oliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

























