Prezidentimiz o‘tgan yilning fevral oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishgan va aholi bilan muloqot qilgan edi. Davlatimiz rahbarining oradan qariyb bir yil o‘tib, viloyatga yana kelishi odamlarning kayfiyatini ko‘tarib yubordi.
O‘tgan yili hududda olamshumul o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berdi. Yangidan qurilib ishga tushirilgan sanoat korxonalari, servis va xizmat ko‘rsatish obyektlari hududning iqtisodiy quvvatini, eksport salohiyatini yuksaltirish bilan birga, aholining bandlik masalasini, turmush darajasini oshirdi. Termiz shahrida yetti qavatli beshta zamonaviy turar joy binosi, qishloq massivlarida mingdan ortiq yakka tartibdagi va ikki qavatli uylar barpo etilgani, ayniqsa, uy-joyga muhtoj oilalar, imkoniyati cheklangan shaxslarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilayotir.
– Prezidentimiz o‘tgan yili viloyatimizga tashrifi chog‘ida arzon va ixcham uy-joylar qurib, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga imtiyozli kredit asosida berish bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar topshirganini eshitib, rosa suyungan edik, – deydi Uzun tumanida yashovchi I guruh nogironi Safarali Isayev. – O‘shanda bizga ham ana shunday uy nasib etarmikan, deb o‘ylagan edim. Chunki, oila qurganimga 10 yil bo‘lyapti, ikki qiz, bir o‘g‘lim bor. Shuncha yildan buyon ijarada yashaymiz. Uy qurishga qurbimiz, kuchimiz yetmasdi. O‘sha topshiriqlar aynan bizning hayotimiz yaxshilanishi uchun berilgan ekan. Mana, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Yangi yil arafasida tumanimizda qurilgan uch xonali arzon uylardan biriga ko‘chib o‘tdik. Ikki sotix yer maydoni ham bor. Barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi bunday ezgu ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishiga ishonaman.
Ta’lim va tibbiyot muassasalarini rivojlantirish, keng, ravon yo‘llar barpo etish, aholini tabiiy gaz, elektr energiyasi va toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlashga e’tibor kuchaytirilib, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilgani odamlarda ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamladi. Xususan, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 56 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, 216 mingdan ziyod aholining suv ta’minoti yaxshilandi. Qiymati 48 milliard so‘m bo‘lgan Xo‘jamayxona shifobaxsh suvi bilan Boysun tumani aholisini ta’minlash loyihasi doirasida 15 milliard so‘mlik ish bajarildi. Kelgusi yil bu loyihaning foydalanishga topshirilishi tog‘li tumandagi 54 mingdan ortiq aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Xo‘jaipok suv ta’minoti korxonasida olib borilgan rekonstruksiya ishlari Qumqo‘rg‘on va Qiziriq tumanlari aholisining toza ichimlik suviga ehtiyojini yanada yaxshiladi. Endi To‘palang – Termiz suv quvurini tortish bo‘yicha yirik loyiha tayyorlanmoqda. Viloyatdagi 483 kilometr ichki yo‘lni ta’mirlashga 171 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ sarflandi.
– Quvurlar eskirib qolgani bois ko‘p yillardan buyon ichimlik suvimiz ta’mi o‘zgargan, boz ustiga ayrim xonadonlarga suv chiqmay qolgan edi, – deydi Termiz shahridagi Temiryo‘lchi mahallasida yashayotgan Pardaxol momo Saidova. – O‘tgan yili ana shu eskilari yangi polietilen quvurlarga almashtirilgach, barchaga birdek taqsimlanib, bundan 25-30 yil avval iste’mol qilgan suvimizning shirin ta’mi kela boshladi. Shu kunlarda esa o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib qolgan yo‘limizga asfalt yotqazilmoqda. Bunday e’tibordan ko‘nglimiz tog‘. Bu g‘amxo‘rliklarning qadriga yetish kerak. Biz, keksalar nevaralarimizni shunday obod, to‘kin Vatanga munosib sog‘lom va chuqur bilimli avlodlar etib tarbiyalashimiz lozim.
Prezidentimiz o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida tibbiyot va ta’lim sohalaridagi qator loyihalar bilan tanishib, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar bergan edi. Shunga muvofiq, 42 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga 18 tibbiyot muassasasi tubdan rekonstruksiya qilindi, 9 xususiy tibbiyot muassasasini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish uchun 1 million dollar miqdoridagi kredit mablag‘i ajratildi. Termiz shahrida barcha qulayliklarga ega bo‘ladigan zamonaviy perinatal va urologiya markazlarini bunyod etish ishlari izchil davom ettirilmoqda. 48 ta’lim muassasasini ta’mirlash, rekonstruksiya qilish uchun 41 milliard, 26 maktabgacha ta’lim muassasasida 22 milliard so‘mlik qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Viloyat markazida dostonchilik va baxshichilik maktabi barpo etildi. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiallari tashkil etilgani viloyatni yetuk, yuqori salohiyatga ega yosh mutaxassislar bilan ta’minlash darajasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
– Prezidentimizning tashrifi viloyatga baraka olib kelishiga ishonamiz, – deydi Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov. – Bu bir paytlar agrar hudud bo‘lgan voha iqtisodiyotini yanada yuksaltirish, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilib, ish o‘rinlari yaratiladi. Odamlarning turmush darajasi yuksaladi. Bunday olamshumul ishlar viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilariga ham ruhiy quvvat bag‘ishlab, ularni yangi-yangi innovatsion g‘oyalar atrofida birlashishga, yurt uchun yetuk malakali mutaxassislar tayyorlashda ta’lim samaradorligini oshirishga da’vat etayotir.
Paxta yetishtirishda klaster usulini joriy etish, tarixiy obidalar va buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan qadamjolarni ta’mirlash, obodonlashtirish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarga qarshi kurashish, jamiyatda adolat ustuvorligini ta’minlash kabi yo‘nalishlarda yuz bergan betimsol yangilanishlar ham odamlarning kayfiyatini ko‘tarmoqda. Fermer va tadbirkorlar qalbida bunyodkorlik, yaratuvchanlik tuyg‘usi, Vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissini kuchaytirayotir.
Tashrif davom etayotgan ayni damlarda viloyat markazida Sariosiyo tumanidagi “Shajarai Barakat” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Narzulla Abdullayev bilan ham suhbatlashib qoldik.
– Bugun juda xursandman, – deydi Narzulla aka. – Qo‘shni davlatdagi hamkorlarimizga 250 ming dollar qiymatidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolaganimiz kayfiyatimni har qachongidan ko‘tarib yubordi. Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili bergan yo‘l-yo‘riqlari asosida viloyatimizda g‘alla hosilidan bo‘shagan maydonlarga mosh, yeryong‘oq va boshqa takroriy ekinlar ekilib, mo‘l hosil olindi. Hosilning ehtiyojdan ortgan qismini xorijga eksport qilish uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani ayni muddao bo‘lmoqda. Biz ham mahsulotlarimizning ichki bozordan ortganini chet davlatlarga eksport qilmoqchi edik. Prezidentimizning qadamlari yoqib, bugun ana shu rejamiz amalga oshadigan bo‘ldi. Xorijlik hamkorlarimiz bilan kelishuvga erishdik. Endi mahsulotimizni yuklashga kirishamiz. Bularning barchasi mamlakatimizda aholining tinch, farovon va to‘kin hayotini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangani, inson manfaatlari har narsadan ulug‘ ekanining amaliy samaralaridir.

























