Samarqandda talabalar xalqaro olimpiadasi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Dekabr 14, 2024

Samarqandda talabalar xalqaro olimpiadasi

Samarqand davlat tibbiyot universitetida tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalarining V xalqaro olimpiadasi boʻlib oʻtdi.

Universitet tashabbusi bilan besh yildan buyon anʼanaviy oʻtkazilayotgan bu yilgi olimpiadada Germaniya, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Malayziya, Belarus, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi yigirmaga yaqin davlatning yuzdan ziyod universitet va institutlarida tahsil olayotgan 730 nafardan ortiq talaba offlayn hamda 4000 nafarga yaqini onlayn formatda ishtirok etdi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori J.Rizayevning qayd etishicha, mazkur bellashuv talabalar bilim va koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazish barobarida, jahonning qator tibbiyot oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkmlashga zamin yaratadi.

Xalqaro olimpiada qatnashchilar tibbiyotning 40 dan ortiq yoʻnalishi boʻyicha test sinovlari va amaliy koʻnikmalarini namoyish etish orqali bellashdilar. Shuningdek, jahon standartlari talablariga javob beruvchi 7-avlod simulyatsiya robotlari orqali oʻz koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazdilar.

Olimpiada doirasida yurtimizdagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari va xorijiy tibbiyot kollejlari oʻquvchilari oʻrtasida ham xalqaro olimpiada tashkil qilindi.

Tadbirlar doirasida talabalar uchun chet ellik va oʻzbekistonlik yetakchi mutaxassislar tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari hamda boshqa dolzarb masalalarga bagʻishlangan seminarlar, mahorat darslari oʻtkazildi.

Olimpiadaning yopilish marosimida gʻolib va sovrindorlar, faol ishtirok etgan va nominatsiya boʻyicha gʻolib deb topilgan ishtirokchilar diplom, sertifikat hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Olimpiada doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritayotgan hamda oʻz salohiyati bilan namuna boʻlib kelayotgan bir guruh xorijiy davlat oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilariga Samarqand davlat tibbiyot universitetining “Faxriy professori” unvoni topshirildi.

OʻzA