Samarqand shahridagi “So‘g‘diyona” istirohat bog‘ida shu kunlarda keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Shahar hokimi F.Rahimovning aytishicha, viloyat hokimining joriy yil 23 fevraldagi qaroriga ko‘ra, ushbu bog‘ o‘rnida zamonaviy innovatsion istirohat bog‘i tashkil etiladi. 6,3 gektar maydonni egallagan hududda karting klubi, muz ustida uchish bo‘yicha “Muz saroyi”, sayyohlar uchun zamonaviy mehmonxona, restoran va boshqa ko‘ngilochar maskanlar bunyod etiladi. Yangi attraksion va o‘yin qurilmalari o‘rnatiladi.
– Yangi bog‘ loyihasi asosida ayni paytda hududdagi eski binolar buzilib, yangi obyektlarning qurilish ishlariga kirishilmoqda, – deydi loyiha tashkilotchisi – “Family park” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ul xodimi X.Po‘latov. – Mavjud attraksion va boshqa vositalar shahardagi istirohat bog‘lariga ko‘chirilyapti. Innovatsion bog‘ni bunyod etishda har tomonlama qulay qurilish materiallari, zamonaviy texnologiyalardan foydalaniladi. Samarqandda ilk bor qurilayotgan muz saroyini ham xalqaro standartlarga mos loyiha bo‘yicha yaratish rejalashtirilgan.
Joriy yilning sentabr oyiga qadar foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan obyekt nafaqat mahalliy aholi, balki Samarqandga keladigan xorijlik sayyohlar uchun muhim turistik maskan bo‘ladi.
Darvoqe, eski bog‘ hududidagi sun’iy suv havzasi o‘rnida ham bugungi kunda zamonaviy akvapark qurilishi jadal olib borilmoqda.
– 3,5 gektar maydonni egallagan hududda 200 o‘rinli mehmonxona, qishki sport-sog‘lomlashtirish markazi, bolalar, o‘smirlar va kattalarga mo‘ljallangan cho‘milish havzalari, kafe va boshqa ko‘ngilochar maskanlar bunyod etilmoqda, – deydi “Samarqand Dobusiya akvalend” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari B.Ibragimov. – Cho‘milish havzalarini qurish va jihozlashda xitoylik hamkasblarimiz tajribasidan samarali foydalanayapmiz. Umuman, loyihaga ko‘ra, bu yerda dam oluvchilar uchun eng zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratiladi. O‘tgan yil iyul oyida boshlangan qurilish ishlarining dastlabki bosqichini joriy yilning iyun oyigacha yakunlash ko‘zda tutilgan.

























