O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov muddatidan oldin Nomzodlar turniri g‘olibiga aylandi. U 13-tur yakuniga ko‘ra 9,5 ochko jamg‘arib, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan shaxmat toji uchun bahslashish huquqini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov Kiprning Nikosiya shahrida bo‘lib o‘tgan 2026-yilgi Nomzodlar turniri g‘olibi bo‘ldi.
Uning turnirdagi ishtiroki O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.
13-turda durang qayd etgan Sindarov ochkolari soni bo‘yicha raqiblari uchun yetib bo‘lmas darajaga ko‘tarildi va shaxmat toji uchun dunyo chempioni bilan bahslashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Musobaqa tugashiga bitta tur qolganda 20 yoshli shaxmat ustasi niderlandiyalik tajribali grossmeyster Anish Giri bilan ro‘baro‘ keldi. Bu safar Sindarov qora donalarda harakat qildi.
Bahs keskin kurashlar ostida o‘tdi va unda Sindarov himoyalanishda yuqori aniqlik namoyish etdi. Bir qator almashinuvlardan so‘ng o‘yin texnik jihatdan murakkab bo‘lgan ruxlar endshpiliga o‘tdi va tomonlar durangga rozi bo‘ldi.
Turnirning birinchi davrasida ham bu shaxmatchilar o‘rtasidagi bahsda murosa yo‘li tanlangandi.
Matematik g‘alaba
Ushbu durang evaziga Javohir Sindarov yakunda birinchi o‘rinni kafolatlaydigan ochkolarni qo‘lga kiritdi — 13 imkoniyatdan 9,5 ochko. Musobaqa yakunlanishiga bir tur qolganda, u va eng yaqin ta’qibchilari o‘rtasidagi farq 2 ochko miqdorida saqlanib qoldi. U, shuningdek, 2022-yilda 14 ta bahsda 9,5 ochko jamg‘arib, turnir yakunlanishiga bir tur qolganda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan rossiyalik Yan Nepomnyashiyning ochkolar bo‘yicha rekordini takrorladi.
Bu shuni anglatadiki, hatto Sindarov final hisoblangan 14-turda mag‘lub bo‘lib, raqiblari g‘alaba qozongan taqdirda ham, hech kim uni yetakchilikdan mahrum qila olmaydi.
Shu tariqa, u shaxmat taqvimining eng nufuzli saralash turnirida muddatidan oldin g‘alaba qozondi.
Toj sari yo‘l
Javohir Sindarovning g‘alabasi O‘zbekiston uchun tarixiy yutuq bo‘ldi. Sindarov mamlakatning zamonaviy tarixida Nomzodlar turnirida g‘olib chiqqan ilk vakilga aylandi. Ungacha faqat Rustam Qosimjonov jahon chempioni unvoniga ega edi (2004-yilda FIDE versiyasi bo‘yicha), ammo saralash formati o‘sha paytda boshqacha bo‘lgan (nokaut tizimi).
Endi yosh grossmeyster shaxmat toji uchun kechadigan bahsda amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh bilan kuch sinashadi. Ushbu match 2026-yilning oxirida o‘tkazilishi kutilmoqda. Chempionlik bahsining sanasi va joyi FIDE tomonidan keyinroq e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Sindarov 6 ta g‘alabaga erishdi va bu ikki davrali turnirning zamonaviy formati (2013-yilda joriy etilgan) uchun rekord natija hisoblanadi. Avvalroq grossmeysterlar (jumladan, Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy va Fabiano Karuana) bir turnirda ko‘pi bilan 5 ta g‘alaba qayd etgandi. Sindarov esa bu natijani 10-turga keliboq yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
U 19 yoshu 11 oyligida 2025-yilgi Jahon kubogining eng yosh sohibiga aylangandi.
2026-yilgi Nomzodlar turniri 29-martdan 15-aprelga qadar Kiprda bo‘lib o‘tmoqda va unda sayyoraning sakkiz nafar eng kuchli grossmeysteri ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar ikki davrada (14 tur) o‘zaro bahs olib boradi. Turnir g‘olibi amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh bilan shaxmat toji uchun o‘yin o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritadi. Musobaqaning sovrin jamg‘armasi 700 ming yevroni tashkil etadi.
Sindarov birinchi o‘rin uchun 70 ming yevro, shuningdek, qo‘lga kiritilgan har yarim ochko uchun 5000 yevrodan (hozirgacha 95 ming yevro ishlab topdi) pul mukofoti oladi.


























