Toshkent Gyote-Instituti O‘zbekiston maktablariga yangi loyihalarni tadbiq etmoqda

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Mart 19, 2018

Toshkent Gyote-Instituti O‘zbekiston maktablariga yangi loyihalarni tadbiq etmoqda

Bundan 60 yil muqaddam Germaniya Federativ Respublikasining Myunxen shahrida Gyote-instituti tashkil etildi. Gyote-instituti – bu Germaniya Federativ Respublikasining madaniyat instituti sanaladi. U butun dunyoga nafaqat Germaniyaning rang-barang hayot tarzini namoyon etadi, balki nemis tili, madaniyati va nemis jamiyati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi, va albatta, madaniyat sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shadi.

Hozirgi kunda dunyoning 90 mamlakatida 150 ta Gyote-institutlari ish olib bormoqda. Toshkentdagi Gyote-Instituti esa 1998 yildan, ya’ni 20 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Toshkentdagi institutning asosiy vazifasi nemis tilini o‘rgatish va nemis tili o‘qituvchilari malakasini oshirishdan iboratdir. Institutning til kurslarida 4000 dan ortiq o‘zbekistonliklar nemis tilini o‘rganadilar va til bo‘yicha xalqaro imtihonlarni topshiradilar. Institut kurslari nafaqat katta yoshlilar, balki bolalar va o‘smirlar uchun ham tashkil etilgan. O‘zbekistonda nemis tili o‘rganuvchilar soni tobora ortib borayotir.

Ta’lim tizimida olib borilayotgan hamkorlikdan asosiy maqsadimiz sohadagi vazirlik va idoralar bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda onlayn va innovativ malaka oshirish tizimini kengaytirishdir. Hozirgi kunda eng dolzarb innovativ loyihalarimizdan biri – bu onlayn Bolalar universiteti loyihasidir. Bu loyiha 8 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan bo‘lib, bolalarning ijodiy tafakkurini rivojlantiradi, bu orqali esa bolalar nemis tilini ham o‘rganadi. Ayni paytda mazkur loyihani O‘zbekistondagi maktablarda tatbiq etish bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur dasturni o‘zbekistonlik o‘quvchilarga moslashtirish uchun O‘zbekiston televideniyesi yordamidan foydalanildi. Gyote-institutining navbatdagi muhim vazifasi, “Maktablar: kelajak hamkori” tashabbusi doirasida O‘zbekistondagi 13 ta maktabga homiylik qilishdir.

Shuningdek, institut madaniyat sohasida ham turli dasturlarni amalga oshiradi, ya’ni O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi madaniy almashinuvni rivojlantirish maqsadida ko‘rgazma, konsert yoki filmlar namoyishi kabi dasturlarni o‘tkazadi. Madaniyat sohasidagi loyihalar keng qamrovlidir: yaqinda Gyote-institutda “Yangi nemis filmlari” kunlari boshlandi. Joriy yilning 2-6 may kunlari “O‘zbekkino” bilan hamkorlikda “Shum bola” bolalar va o‘smirlar film festivali bo‘lib o‘tadi. Aprel oyining oxirida Ilhom teatrida halqaro darajada tanilgan o‘zbek kinematografi Saodat Ismailovaning video-san’ati ko‘rgazmasi ochiladi. Bu sohadagi ishlarimizning eng kutilgani – bu noyabr oyidagi “Sarhad” nomli san’at-ko‘rgazmasi hisoblanadi. Unda Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Germaniyadan tashrif buyurgan san’atkorlar “Sarhad va migratsiya” mavzusida o‘z ishlarini namoyish etadilar.

Navbatdagi bo‘lg‘usi loyihalarimiz arxitekturaga bag‘ishlanadi. O‘tgan yili institut “Post Oil-City – Shahar kelajagi tarixi” ko‘rgazmasini namoyish etdi va ko‘rgazma doirasida Toshkent arxitektura va qurilish instituti bilan hamkorlikda Toshkentda shaharlarni barqaror rejalashtirish va rivojlantirish to‘g‘risida Arxitektura-Simpoziumini o‘tkazdi. Me’moriy yodgorliklarga munosabat mavzusi simpoziumning o‘rtaga qo‘yilgan eng qiziqarli savollaridan biri bo‘ldi.

2018-yil sentabr oyida yangi bir loyiha – “Markaziy Osiyo madaniyat akademiyasi”ni rejalashtirilmoqda. Ushbu loyiha ko‘p yillik ish rejasi bo‘lib, unda Markaziy Osiyoning besh davlatidan kelgan madaniyat sohasidagi menedjerlarning malakasi oshiriladi. Toshkentdagi ikki haftalik seminardan so‘ng ishtirokchilarni Berlindagi rang-barang madaniy sahnalar va ularning ijodkorlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Germaniyaga “Hamkorlikni mustahkamlash sayohati” tashkillashtiriladi.

Kuz faslidan boshlab institutda jozibador kutubxona va ko‘p tarmoqli zal ish boshlaydi. Kutubxona Germaniya, nemis tili va uning madaniyatiga qiziquvchilar uchun o‘qish va uchrashuv manzili bo‘lib xizmat qiladi. U yerda nafaqat kitoblar, filmlar, audio tasmalarni ijaraga olish mumkin, balki do‘stlar bilan birga filmlarni ko‘rish, internetdan foydalanish va gazetalar mutolaa qilish, turli xildagi o‘yinlar o‘ynash va kutubxona klubida yangi nemis asarlari ustida bahs-munozara qilish mumkin.