Yurtimizda Navro‘z ayyomi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Afg‘onistonning birgalikdagi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir ahamiyati xalqaro ekspertlar, xorijiy mamlakatlar rasmiylari, jurnalistlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
Mutlaq bin Majid al-Qahtoniy, Qatar Tashqi ishlar vazirligining maxsus vakili:
– Afg‘on xalqi uzoq yillardan buyon intiq kutib yashayotgan, tinchlikparvar siyosat tarafdori bo‘lgan davlatlarni tashvishga solib kelayotgan Afg‘oniston muammosini hal etish tashabbuskori Prezident Shavkat Mirziyoyevga rahmat aytamiz. Toshkentga kelgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari – barchamiz Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi tarafdorimiz.
O‘zbekiston Prezidenti konferensiyadagi nutqida Afg‘oniston muammosining asl sabablarini, uni hal etish yo‘llarini dadil fikrlar bilan ochib berdi. Ta’kidlanganidek, xavfsizlik yagona va bo‘linmas. Yer yuzining qaysi joyida bo‘lmasin, noxush holatlar, urush-janjallarning oldini olmasak, mudhish xatoga yo‘l ochamiz. Hamjihat bo‘lib, birgalikda xavf-xatarlarning oldini olishga esa barchamizda kuch topiladi.
Janob Prezident to‘g‘ri aytdi – Afg‘onistonda urush davom etar ekan, nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotiga ham xavf kuchayib boradi. Shu bois barchamiz Afg‘onistondagi qarama-qarshilikni hal etishning umumiy yechimini tezroq topishimiz nihoyatda zarur.
O‘zbekiston Prezidenti ma’ruzasida ilgari surilgan g‘oyalarni amalga oshirish barcha davlatlarni jipslashtirishga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz.
Toshkent konferensiyasi Afg‘on muammosini hal etish tarafdori bo‘lgan, bunga qudrati yetadigan davlatlarni birlashtirgani bilan ahamiyatlidir. O‘ylaymizki, bu tinchlik va hamjihatlik tadbiri yaqin kelajakda afg‘on xalqining osoyishtalik haqidagi ko‘p yillik orzulari ushalishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tomas Grouv, “The Wall Street Journal” muxbiri (AQSh):
– Bundan 15 yil oldin ham Toshkentga kelgan edim. Mehmondo‘st, bag‘rikeng o‘zbek xalqiga hurmatim balandligi sababli qisman o‘zbek tilini ham o‘rganganman. Toshkent – tinchlik, do‘stlik shahri. “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyaning bosh maqsadi ham ayni shu jihatlarga qaratilgan.
Konferensiya Afg‘onistonda tinchlik tarafdorlarini ezgu maqsad yo‘lida birlashtirdi. Unda Afg‘onistonda barqaror rivojlanish, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan Toshkent deklaratsiyasi imzolandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan oqilona siyosat nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqadagi tinchlikni asrashga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir. Konferensiyada Shavkat Mirziyoyev so‘zlagan nutqida afg‘on diyorida yashayotgan tinch aholi manfaatlarini ko‘zlab tinchlik o‘rnatishga qaratilgan aniq taklif va mulohazalar bildirildi. Bu o‘z natijasini beradi, deb o‘ylayman.
Avaz Yuldashev, “Azia-Plyus” axborot agentligi bosh muharriri (Tojikiston):
– Jurnalist sifatidagi faoliyatim davomida O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosatga alohida qiziqish bilan qarayman va o‘rganib boraman. So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar nafaqat mamlakat, balki, mintaqa hayotida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston yetakchisi sa’y-harakati bilan mintaqadagi ko‘plab muammolar o‘z yechimini topmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘rnatilgan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari qardosh xalqlarning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarmoqda. Xususan, joriy yil 9-10 mart kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi doirasida ikki davlat rahbarlari tomonidan uzoq yillardan buyon yechimini kutayotgan ko‘plab muammolar hal qilindi. Bu tojik va o‘zbek xalqi uchun katta bayramga aylandi.
Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi ham mintaqada xavfsizlikni, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan ulkan g‘oyalardan biridir. Afg‘onistonda sal kam qirq yildan buyon davom etayotgan notinchlikni bir yoki ikki kunda hal etib bo‘lmas. Ammo, butun dunyo ahlining ushbu muammoga e’tiborini qaratish, bu borada aniq taklif va mulohazalarga asoslangan Toshkent deklaratsiyasining qabul qilingani ijobiy natija berishiga ishonchimiz komil.


























