Poytaxtimizga tinchlik va do‘stlik shahri deya ta’rif beriladi. Diplomatiyada “Toshkent ruhi” degan ibora tez-tez tilga olinadi. Buning o‘z tarixi bor.
1965-yilning kuzida Hindiston va Pokiston o‘rtasida chegara muammosi paydo bo‘ldi. Hech kim nizolashayotgan tomonlarni muzokaralar stoliga o‘tqaza olmadi. O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov tashabbusi bilan bu ro‘yobga chiqdi.
Muzokaralar oson kechmadi. Tomonlar bir-birlarini ayblar ekan, qurolli majoralar uchun mac’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamasdi. Va nihoyat, bir hafta davom etgan muzokaralar yakunida 1966-yil 11-yanvar kuni Pokiston Prezidenti Muhammad Ayyub Xon va Hindiston Bosh vaziri La’l Bahodur Shastri tomonidan Toshkent deklaratsiyasi imzolangan va ikki mamlakat o‘rtasida davom etayotgan qurolli nizolarga barham berilgan edi.
Toshkentda ko‘rilgan diplomatik sa’y-harakatlar samarasiz bo‘lmadi. O‘sha yili Rossiyaning «Ogonyok» jurnalida Hindiston va Pokiston rahbarlarining bir-birining qo‘lini ushlab turgan surati chop etildi. Suratga «Tinchlik va hamkorlik – Toshkent deklaratsiyasining ahamiyati mana shunda, uni butun jahon eshitdi» (“Mir i sotrudnichestvo – vot chto takoye istoricheskaya Tashkentskaya deklaratsiya, i yeye uslыshal ves mir”) degan tagso‘z yozilgan edi.
O‘shanda Toshkent deklaratsiyasi mintaqa siyosiy va diplomatiya tarixida unutilmas voqea sifatida tan olingan edi. Siyosiy doiralarda “Toshkent ruhi” degan ibora ishlatila boshladi. Toshkentning dovrug‘i butun jahonga yoyildi.
Shu voqeadan keyin Hindiston Bosh vaziri La’l Bahodur Shastrining Toshkentda vafot etgani tarixdan ma’lum. Uning Hindiston bayrog‘i yopilgan tobutini Pokiston Prezidenti ham aeroportgacha kuzatib qo‘ydi. Bu erishilgan do‘stlik va ahillikning yana bir ramzidek bo‘ldi.
Imzolangan hujjatga ko‘ra, tomonlar o‘z qurolli kuchlarini avvalgi holatga qaytardi, ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy va savdo aloqalari qayta tiklandi.
2016-yil 23-24-iyun kunlari Toshkentda bu ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda navbatdagi muhim qadam tashlandi. O‘zbekiston Respublikasi raisligida o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining o‘n beshinchi majlisida Hindiston va Pokistonni ShHT a’zoligiga qabul qilish jarayoni boshlangani to‘g‘risida memorandumlar imzolandi. Bu ham Toshkentning dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim tashabbuslaridan bo‘ldi.
Toshkent ruhi, O‘zbekistonning tinchlikparvar siyosati bugungi kunda ham mintaqada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

























