Xorazm viloyatining asosiy drayver sohasi bo‘lgan turizm va xizmatlar sohalari rivojlanib, vohaga tashrif buyuruvchi xorijiy turistlar soni yildan- yilga ortib bormoqda.
Misol uchun, 2022 yilda viloyatga 1 million 650 ming sayyoh tashrif buyurib, ularning 138 ming nafari xorijlik bo‘lgan. Joriy yilning oktyabr oyiga qadar ularning soni qariyb 8 million nafarni tashkil etgan. Shundan kamida ikki million nafari xorijiy sayyohlardan iborat.
– Aniq tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, viloyatimizga 140 dan ortiq xorijiy davlatlardan 1,8 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 baravarga oshgan, – deydi Xorazm viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Saidov.– Kunlik tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar soni 3–4 mingtadan 7–8 ming nafargacha oshgan. Mamlakatimizda turizm sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasida Xorazmga sayyohlar oqimi kundan kunga ortib bormoqda.
Viloyatda sayyohlar oqimining ortishida ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish maqsadida har yili o‘tkazilayotgan 10 dan ortiq xalqaro festivallar, 20 ortiq mahalliy ommaviy tadbirlar ham muhim o‘rni tutadi.
Jumladan, o‘tgan 2024 yilda ana shunday tadbirlarga 500 mingdan ortiq xorijiy va 1 milliondan ortiq mahalliy sayyohlar jalb qilingan.
Joriy yilda ham bu an’na davom etib, aprel oyida “IV xalqaro baxshichilik san’ati” festivali, iyun oyida “Strongmen” xalqaro bahodirlar o‘yini, 8-10 avgust kunlari “Qovun sayli” festivali, sentyabr oyida “Xorazm xonlari milliy taomlari” xalqaro gastronomik festivali hamda Xorazm xalqaro investitsiyalar forumi o‘tkazildi. 18-19 oktyabr kunlari esa “Gilamlar jilosi” nomi ostida xalqaro gilam ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Viloyatda turizm infratuzilmasi izchil rivojlanmoqda. Yangi mehmonxonalar, kafe va turizm xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etilmoqda.
– Xivaning “Ichan qal’a”si menda juda katta taasurot qoldirdi, – dedi rossiyalik sayyoh Aleksey Drogun. – Bu yerda o‘n olti mingdan ortiq tarixiy eksponatlar bor ekan. Biz tunab qolgan uy mehmonxonada ko‘rsatilgan xizmat yuksak darajada. Kechki va kunduzgi sayrlar ham juda qiziqarli. Restoranlarda tongga qadar o‘yin- kulgu davom etar ekan. Ovqatlar, yeguliklar, ayniqsa, mevalarning mazasi dunyoda tengsiz. Shahar odamlari ham juda mehmondo‘st ekan. Agar xonadoni oldidagi tandirda non yopayotganini ko‘rib qolsangiz, sizni albatta taklif qilishadi. Tekinga non, shirinliklar, hatto ovqat ham berishadi. Kuz faslidagi ushbu sayohatimiz juda maroqli o‘tmoqda.
Vohaning transport infratuzilmasi ham yaxshilanib, hududning sayyohlik jozibasini yanada oshirmoqda. Jumladan, viloyatga haftalik aviaqatnovlar soni 70 taga, shundan xalqaro aviaqatnovlar 17 taga yetkazildi.
Shuningdek, turistlar xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilib, viloyat markazi hamda turistik hududlarda 24 soatlik patrul xizmatlari, xavfsiz turizmni ta’minlash politsiyasi xodimlari va videokuzatuv tizimlari joriy etilgan.
O‘zA


























