Aziza Yo‘ldosheva Olmazor tumanidagi yengil sanoat kasb-hunar kollejida o‘qiydi. U darsdan bo‘sh vaqtida Mehribonlik uylari, mahallalarda o‘zi tengi qizlarga sport raqsidan saboq beradi.
«Turkiston» saroyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi tomonidan tashkil etilgan xayriya tadbirida Aziza singari yoshlarni ezgu maqsad sari birlashtirgan «Yaxshiliklar ittifoqi» loyihasi haqida atroflicha ma’lumot berildi.
«Yaxshiliklar ittifoqi» loyihasi 2017-yil sentabr oyida boshlangan. O‘z atrofida yuzlab yigit-qizlarni birlashtirgan mazkur loyiha doirasida «Mehr ulashamiz», «Do‘st bo‘l!» hamda «Sog‘lom yoshlar» kabi yo‘nalishlarda ish olib borilmoqda. «Mehr ulashamiz» yo‘nalishida ko‘ngillilar Mehribonlik uylari, kam ta’minlangan oila farzandlari, maxsus maktab tarbiyalanuvchilari, alohida ehtiyojli yoshlar bilan ish olib boradi. Loyihaning «Do‘st bo‘l!» yo‘nalishi ishtirokchilari esa mahallalarda qarovsiz qolgan, yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularga uy yumushlarida ko‘maklashishni maqsad qilgan. Alohida ehtiyojli yoshlar ishtirokida turli musobaqalarni muntazam o‘tkazish, o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchni orttirishda «Sog‘lom yoshlar» yo‘nalishi safiga birlashgan yigit-qizlarning hissasi katta bo‘lmoqda.

























