Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning 10-11 fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishgan va hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi.
O‘tgan bir yilga yaqin vaqt mobaynida viloyatda qator sanoat loyihalari ishga tushirilib, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, foydalanishga topshirilgan ijtimoiy obyektlar aholi farovonligini oshirish va hech kimdan kam bo‘lmagan navqiron avlodni ulg‘aytirishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati va “Termiz ta’minot” sanoat-qurilish ta’minot xususiy korxonasining g‘o‘zapoya va qamish zarrachali plitalar, “Huashen Silkworm Pro” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasining ipak qurti urug‘i tayyorlash loyihalari ishga tushirildi.
Termiz shahrida yovvoyi qamish zarrachalaridan plita ishlab chiqarish loyihasi asosida yog‘och plita o‘rnini bosadigan 1,87 million kvadrat metr hajmdagi tayyor qurilishbop arzon va sifatli material ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda 150 ishchi mehnat qilayotgan korxonaning ikkinchi bosqichini ishga tushirishga hozirlik ko‘rilmoqda. Bu jarayonda qamish zarrachalaridan tayyorlanayotgan pishiq, arzon materialning 1,1 million kvadrat metrini laminatsiya qilish o‘zlashtirilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etiladi. Bu viloyat mebelsozlik sanoati rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga qulay imkoniyat yaratadi. Mahsulotning ehtiyojdan ortiq qismi qo‘shni davlatlarga eksport qilinadi.
Angor tumanidagi “Huashen Silkworm Pro” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi viloyatda pillachilikni yangi bosqichda rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratdi. Buning uchun xorijning zamonaviy texnologiyasi o‘rnatilgan korxonada Xitoy va Yaponiyadan keltirilgan urug‘lar chatishtirilib, serhosil ipak qurti navini tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
– Loyiha ishga tushgan yilda tayyorlangan sifatli, arzon va sanoatbop ipak qurti urug‘i pillakorlarimizga manzur bo‘ldi, – deydi viloyat hududiy “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori X.Samadov. – Shuningdek, pillachilikni rivojlantirishda tub burilish yasab, bir yilda ikki marta hosil olish imkonini berdi.
Qiymati 12 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha yiliga 100 ming quti ipak qurti urug‘i tayyorlashga mo‘ljallangan. Mamlakatimizning ichki ehtiyojidan ortiq 10 million dollar qiymatidagi mahsulotni xorijga eksport qilish, 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Dastlabki yilda qo‘shma korxonada 25 doimiy va 200 mavsumiy ish o‘rni yaratilib, 11 ming quti ipak qurti urug‘i tayyorlandi.
Prezidentimizning 2017 yil 3 martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ipak qurti urug‘ining mahsuldor zotlarini yaratish, pilla yetishtirish jarayonini takomillashtirish, ipak qurtini parvarishlash va ozuqa bazasini mustahkamlashda muhim omil bo‘ldi.
O‘tgan yili viloyat pillakorlari qo‘shma korxonada tayyorlangan ipak qurti urug‘idan takroriy hosil olishni ham sinovdan o‘tkazdi. Bahorgi mavsumda 1 ming 114 tonna xomashyo yetishtirilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda 2000 quti ipak qurti parvarishlanib, 80 tonna sifatli xomashyo yig‘ib olindi.
Mamlakatimizda pillachilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor viloyatda sohani yuksaltirish istiqbollarini belgilab berdi. Shunga muvofiq, viloyat tumanlarida ham “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etilib, ularga 1 ming 220 gektardan ortiq tutzor biriktirildi. Xitoydan mahalliy iqlimga mos 2 million 500 ming dona serhosil tut ko‘chati keltirilib, Termiz, Jarqo‘rg‘on, Angor, Qiziriq, Denov tumanlarida ekildi. Tutzorlar orasiga ishlov beradigan traktor bilan ta’minlandi. 82 nafar malakali ziroatshunos ishga qabul qilinib, ularga tutzorlarni nazorat qilish, o‘z vaqtida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishi monitoringini yuritish vazifalari yuklandi. 51 zamonaviy qurtxona qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ayni paytda Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Termiz mexanika zavodining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari uchun asbob-uskuna va ehtiyot qismlar hamda Sherobod tumanidagi yillik quvvati 1,5 million tonna bo‘lgan sement ishlab chiqarish, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati va “Komfort Inert Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining qurilishbop pardozlash plitalari ishlab chiqarish loyihalari bo‘yicha qurilish-montaj ishlari davom etayotir.
Davlatimiz rahbarining Termiz shahridagi bir qator ijtimoiy-madaniy obyektlar qurilishi loyihasi bilan tanishib, mutasaddilarga tegishli tavsiyalar bergani viloyat markazi qiyofasi tubdan o‘zgarishida muhim ahamiyat kasb etdi. Bunyodkorlarni ko‘tarinki ruhda mehnat qilishga undadi. Odamlarda bugunidan shukronalik va ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamladi.
Prezidentimiz viloyat markazida qurilishi rejalashtirilgan yetti qavatli beshta arzon uy-joy loyihasi bilan tanishib, ularni tez, sifatli barpo etish, uy-joyga muhtoj oilalarga berish vazifasini yuklagan edi. Shu asosda qisqa muddatda 210 xonadonga mo‘ljallangan zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurilib, yosh va ehtiyojmand oilalarga uzoq muddatli kredit asosida topshirildi.
– Ko‘p yillardan buyon ikki qavatli eski uyning ikki xonali xonadonida to‘qqiz jon yashab kelayotgan edik, – deydi termizlik N.Abdullayeva. – Turmush o‘rtog‘im haydovchi. Hovli qilish yoki buyurtma asosida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan birini olishga qurbimiz yetmas edi. Mana, o‘tgan yil kuzda yetti qavatli arzon va ko‘rkam uyning uch xonali xonadoniga ko‘chib o‘tdik. Bu yerda bir oilaning farovon yashashi uchun barcha sharoit muhayyo.
Joriy yilda ham bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, yana 420 xonadonga mo‘ljallangan o‘nta yetti qavatli turar joy barpo etiladi. Kelgusida bu yerda yetti qavatli 50 ta arzon uy bunyod etilib, “xavfsiz shaharcha”ga aylantiriladi. Oziq-ovqat bozori, turli xizmat ko‘rsatish nuqtalari, avtovokzal quriladi.
Termiz shahrida qad rostlagan 700 o‘rinli muhtasham san’at saroyi majmuasi va 3000 o‘ringa mo‘ljallangan amfiteatr ham surxondaryoliklar haqli ravishda faxrlanadigan salobatli binoga aylandi. “Baxt” bog‘i hududida joylashgan zamonaviy madaniyat maskanini bunyod etish uchun 132 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Milliy va zamonaviy arxitektura yechimlari asosida qad rostlagan majmuada aholining madaniy dam olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
“Amudaryo” sport-sog‘lomlashtirish markazining tez va sifatli qurilib, foydalanishga topshirilgani o‘tgan yozgi mavsumda bolajonlarning dam olish kunlarini mazmunli va maroqli o‘tkazishga xizmat qildi. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtida turli to‘garaklarda ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmasini mustahkamlashi uchun zarur sharoit muhayyo qilindi. Zamonaviy maskan hududida qad rostlagan dostonchilik va baxshichilik maktabi milliy san’atimizga mehri baland iste’dodli yoshlarni kashf etish va tarbiyalash, navqiron avlodni xalq og‘zaki ijodining noyob durdonalari bilan yaqindan tanishtirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Muxtasar aytganda, viloyatda amalga oshirilayotgan bunday ulkan bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlari surxondaryoliklarning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirib, ularni yangi marralar sari ruhlantirmoqda. Jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga undayotir.


























