Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi nimalari bilan ahamiyatli?

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 20, 2025

Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi nimalari bilan ahamiyatli?

Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini belgilovchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilinganida, uning ijro mexanizmi sifatida hujjatda belgilangan vazifalar har bir ijtimoiy yilning nomlanishi bilan bog‘liq davlat dasturlari orqali amalga oshirilishi belgilangan edi. 

Prezidentimizning “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. 

2025 yilgi davlat dasturi har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirishdek dolzarb yo‘nalish hamda shu asosdagi 100 ta maqsadni o‘z ichiga oladi. 

Dasturiy hujjatda shuningdek, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da yurtimiz rivojining ustuvor yondashuvlari belgilab berilmoqda. Xususan, mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, aholining salomatligini yaxshilash, tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik “yashil energiya” stansiyalarini barpo etish, hududlarda kichik va mikro gidroelektrstansiyalar tarmog‘ini kengaytirish shunday ustuvor yondashuvlar sifatida e’tirof etilmoqda. 

Ushbu ustuvor yondashuvlar 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foiz va uning hajmini 200 milliard dollarga yetkazish, inflyatsiyani 5 foiz, byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz darajasida saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsadlariga erishishimizga asos bo‘lishi tabiiy. 

Dasturda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha belgilangan muhim vazifalar Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasining g‘oya-maqsadlariga uyg‘un va hamohang. Birgina loyihada keltirilgan “yashil tadbirkor” tushunchasi alohida ahamiyatga egadir. Unga ko‘ra, shu yilning 1 sentyabridan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarini “yashil tadbirkor” sifatida e’tirof etish yuzasidan platforma ishga tushiriladi. 

Xo‘sh, qaysi tadbirkorlik sub’ektlariga “yashil tadbirkor” maqomi beriladi? Korxonasini “yashil belbog‘” bilan o‘ragan, zamonaviy, tejamkor sug‘orish tizimlarini jumladan, yomg‘irlatish va konteynerli (qopli) sug‘orish tizimini joriy qilgan, korxonaning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish, jumladan, ekologik huquqbuzarlik sodir etmaslik, atmosferaga tashlanmalarni onlayn monitoring qilish tizimini joriy etgan, ishlab chiqarishga sirkulyar iqtisodiyotni joriy qilish (“7R”) tamoyilini tatbiq etish kabi ko‘rsatkichlarni bajargan, ekologik huquqbuzarliklarni sodir etmagan tadbirkorlik sub’ektlariga “yashil tadbirkor” maqomini beriladi. 

“Yashil tadbirkor” maqomini olgan tadbirkorlik sub’ektlariga “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik berish, muayyan muddat davomida ekologik tekshiruvlardan ozod etish, xalqaro bozorlarga chiqish uchun qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi doirasida qo‘shimcha ball berish kabi qo‘llab-quvvatlash choralari ham qo‘llaniladi. 

Muhim va dolzarb masalalarni o‘z ichiga olgan davlat dasturi bilan bog‘liq farmon loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. O‘ylaymanki, yurtdoshlarimiz ushbu dastur loyihasiga befarq bo‘lmaydi va o‘z takliflari bilan faol ishtirok etadi. 

O‘zA