«Bahrayn-2025»: Yangi O‘zbekiston yoshlarining yangi g‘alabalari

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Oktabr 29, 2025

«Bahrayn-2025»: Yangi O‘zbekiston yoshlarining yangi g‘alabalari

Bahrayn poytaxti Manama shahrida o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi III Osiyo o‘yinlarining ortda qolgan o‘ninchi kungi musobaqalari O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.

Yangi O‘zbekistonning olovqalb sportchilari velosport, og‘ir atletika, ayollar kurashi, boks kabi yo‘nalishlarda katta muvaffaqiyatga erishdi.

Velosportning 75 kilometr masofada kechgan guruh poygasida terma jamoamiz a’zosi Gulhayo Sattorova 47 nafar ishtirokchi orasida marra chizig‘ini 1:59:26 soniyada bosib o‘tib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, og‘ir atletikachi qizimiz Marjona Abdumutalova -58 kilogramm vazn toifasida dast va siltab ko‘tarish bahslari hamda ikki kurash natijasiga ko‘ra, 102, 108 hamda 111 kilogrammli toshlarni bo‘ysundirib, Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylanish bilan birga, qit’a rekordini o‘rnatdi. Uning o‘ziga xos g‘alabasi Osiyo og‘ir atletika muxlislari qatorida musobaqalarni bevosita kuzatib borayotgan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Joolud boshchiligidagi yetuk mutaxassislarni ham lol qoldirdi.

Erkin kurash musobaqalarining ayollar yo‘nalishida gilamga chiqqan umidli sportchi qizimiz Muxlisa Masharipova -40 kilogramm og‘irlikda barcha raqiblarini mag‘lub etish ortidan Osiyoda kurashchi qizlarning yangi avlodi kamolga yetayotganini namoyish etdi.

E’tiborli jihati, Masharipova murosasiz bellashuvlarning saralash bahslarida muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa, chorak va yarim finalda Shimoliy Koreya va Qirg‘iziston vakilini katta ustunlikda dog‘da qoldirdi. Finalda esa yaponiyalik raqibini 2:1 hisobida yengib, mamlakatimiz kurashchi qizlari orasida ilk bor Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi.

Qit’a o‘yinlarining o‘ninchi kungi bahslarida ikki nafar bokschimizning bronza medallariga egalik qilishi ham nufuzli musobaqada O‘zbekiston sport delegatsiyasining umumjamoa hisobidagi o‘rni mustahkamlanishiga xizmat qildi.

Bugun, 29 oktyabr kuni Osiyo o‘yinlarining o‘n birinchi musobaqalar kunida 11 ta sport turida bellashuvlar tashkil etilsa, mamlakatimiz sportchilari jiu-jitsu, suzish, velosport, dzyudo, voleybol, og‘ir atletika, erkin kurash va boks yo‘nalishlarida vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Uchinchi bor tashkil etilayotgan yoshlar o‘rtasidagi qit’a o‘yinlarida umumjamoada  48 ta oltin, 35 ta kumush, 18 ta bronza, umumiy hisobda 101 ta medalga ega Xitoy yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston sport delegatsiyasi 19 ta oltin, 5 ta kumush, 17 ta bronza, jami 41 ta medallar shodasi bilan 2-o‘rinda bormoqda. Keyingi o‘rinlarni band etgan Tailand (13-13-8), Qozog‘iston (12-15-23), Eron (12-11-21) jamoalari hamyurtlarimizni ta’qib etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, qit’aning 45 ta mamlakati yosh sportchilari ishtirokida o‘tayotgan III Osiyo yoshlar o‘yinlari 31 oktyabrga qadar davom etadi.

O‘zA