Mamlakatimizning janubiy va g‘arbiy mintaqalarida qo‘shnini “hamsoya” ham deyishadi. Bu, aslida, “soyasi bir” degan ma’noni anglatadi. Agar soya bir bo‘lsa, demak, ikki hovlining devori bir-da. Modomiki, devor bir bo‘lsa, hovlilar ham bir deganday gap-da.
Shuning uchun ham xalqimiz: “Hovli olma, qo‘shni ol”, deydi. Tojik xalqida: “Do‘st mago‘, hamsoya go‘”, ya’ni: “Do‘st dema, hamsoya de”, degan maqol ham bor.
Biroq tojik xalqi bilan yaqinligimizni tasvirlash uchun hatto “hamsoya” degan so‘z ham kamlik qilib qoladi.
Birinchidan, azal-azaldan bu ikki xalq Markaziy Osiyo hududlarida yonma-yon, baqamti, yelkama-elka, quda-anda, yor-birodar, qarindosh-urug‘, qondosh, jondosh, maslakdosh bo‘lib yashab kelgan. Tarixchi olimlar bu birlik tarixini eramizdan oldingi III asrlardan ham izlab topishadi. Biz qo‘shilib-qorishib, birlashib, yagona ijtimoiy-siyosiy, madaniy, g‘oyaviy, diniy birlik paydo qilib yashab kelyapmiz.
Ikkinchidan, O‘zbekistonimizda son jihatidan tojiklar o‘zbeklardan keyingi ikkinchi, Tojikistonda esa o‘zbeklar tojiklardan keyingi ikkinchi millat hisoblanadi. Shunisi ham borki, ayrim yakka hodisalarni hisobga olmasak, O‘zbekiston tojiklari Tojikistondan ko‘chib kelmagani singari, Tojikiston o‘zbeklari ham O‘zbekistondan ko‘chib borib qolgani yo‘q. Shuning uchun O‘zbekiston tojiklarining asl Vatani – O‘zbekiston, Tojikiston o‘zbeklarining asl Vatani – Tojikiston. Siyosiy atama bilan aytganda, O‘zbekiston tojiklari ham, Tojikiston o‘zbeklari ham diaspora, ya’ni muayyan ijtimoiy-siyosiy voqea-hodisalar ta’sirida bir mamlakatdan ikkinchisiga ko‘chgan qavm emas.
Uchinchidan, O‘zbekiston dunyodagi boy forsiy meros yaratilgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizdan turli zamonlarda Am’aq Buxoriy, So‘zaniy Samarqandiy, Asiriddin Axsikatiy, Sayfi Farg‘oniy, Badriddin Chochiy, Pahlavon Mahmud, Xoja Ismat Buxoriy, Abdurahmon Mushfiqiy, Shavkat Buxoriy, Nosir Buxoriy, Mirzo Sodiq Munshiy, Shamsiddin Shohin, Ahmad Donish, Sadriddin Ayniy kabi ko‘plab tojikzabon shoir va adiblar yetishib chiqqan. Abu Abdullo Rudakiy asarlarining katta qismi, hatto Abulqosim Firdavsiy “Shohnoma”sining ayrim sahifalari ham aynan Buxoroda ijod qilingan.
O‘zbeklar va tojiklar asosan til jihatidangina farqlanadi. Boshqa barcha jihatlarimiz, ya’ni turmush tarzimiz, kiyimlarimiz, ovqatlarimiz, musiqamiz, raqslarimiz, oilaviy an’analarimiz juda-juda o‘xshash. Bir maqom musiqasi boshlansa, hech kim oldindan uning o‘zbekcha so‘zlar bilan aytilishi yoki tojikcha so‘zlar bilan aytilishini bashorat qila olmaydi.
Axir, biz, ya’ni o‘zbeklar va tojiklar – ikki tilli bir xalqmiz. Dunyoda ikki til oilasiga mansub tillarda so‘zlashuvchi boshqa ikki xalqning bu qadar bir-biriga yaqinlashib ketganligi hodisasi uchramasa kerak. Do‘ppi, to‘n, chimildiq, pichoq, dasturxon, ko‘rpacha – hammasi bir xil. Musiqa sozlarini oling: rubob, doira, dutor, tanbur, chang, nay, surnay, karnay, g‘ijjak, chanqovuz, do‘mbira…
Markaziy Osiyoda olti tub millat yashaydi. Bular – o‘zbeklar, qozoqlar, tojiklar, turkmanlar, qirg‘izlar va qoraqalpoqlar. Ochig‘ini aytganda, bu millatlarning beshtasi turkiy tilda so‘zlashadi, bittasigina forsiy tilda. Lekin ana shu forsiyzabon tojiklarga Markaziy Osiyodagi eng yaqin millat – o‘zbeklar. Amalda o‘zbeklar tojiklar bilan Markaziy Osiyodagi boshqa turkiy xalqlarni ham bog‘lab turadi. Yana ham soddaroq qilib aytsak, tilimiz bir bo‘lgani uchun biz – o‘zbeklarni qozoq, turkman, qirg‘iz va qoraqalpoqlar qardoshim, bovurim (jigarim) deydi. Tojiklarni esa, jumladan, “o‘zbek bovurlarimizning qardoshi” deb hurmat qiladi.
Ana shu nozik jihatni sezgan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1997 yili chop etilgan “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” nomli fundamental asarida qiziq bir g‘oyani ilgari suradi. Muallifni bu asarda mintaqa ahliga O‘zbekiston dardini yetkazish ilinji ham bezovta qiladi. Bunga to‘liq asos ham bor. Chunki mintaqa xavfsizligi, barqarorligi va taraqqiyoti – bevosita ham, bilvosita ham O‘zbekiston tutgan yo‘lga ko‘p jihatdan bog‘liq. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, kitob o‘tgan asr so‘nggida Markaziy Osiyo muammolari yaxlit holda tahlil etilgan o‘ziga xos bir dastur ham edi. Mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va tinch taraqqiyotni ta’minlashda Turkiston birligiga intilishni sira va sira panturkizm yoxud “Buyuk Turon” shovinizmi tariqasida talqin etishlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Chunki xalqimiz panturkizmni ham, “Buyuk Turon” shovinizmini ham qat’iyan rad etadi. Birinchi Prezidentimizning bu boradagi ta’kidi ham g‘oyat qadrli: “Biz uchun Turon – mintaqadagi turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlarning o‘ta siyosiy emas, balki madaniy birligining ramzidir”. Isbot tariqasida mana bu fikr ilgari suriladi: “Bundan tashqari, umumiy madaniy, tarixiy va antropologik ildizlarimiz bizni tojik xalqi bilan ham tutashtiradi”. Ayni dalil o‘ta asosli, tariximiz va bugunimizdan kelib chiqqan, kelajak uchun dastur bo‘ladigan yana bir xulosani ilgari surish imkonini yaratgan: “Bu hol bizga o‘z madaniyatimizni Markaziy Osiyo uchun ma’lum darajada noyob bo‘lgan turk va fors madaniyatlarining sintezi deb hisoblashga to‘la huquq beradi”.
Bu shunchaki aytilgan gap emas.
Demak, bugun o‘zbek madaniyati amalda turkiy va forsiy madaniyatlarning sintezi, ya’ni o‘zaro uyg‘unlashuvidan iborat. Buni xalqning etnik tarkibiga nisbatan ham bemalol aytish mumkin. Ya’ni bizning madaniyatlarimizgina emas, avvalo, qonimiz bir-biriga qo‘shilib ketgan. Bu qondoshlik esa ko‘p-ko‘p asrlardan buyon davom etib kelyapti.
Ayni fikrning tasdig‘ini buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiydan ham topamiz. Bobokalonimizning ikki tilda ijod qilgani, tojik tilidagi she’rlari “Devoni Foniy” nomi bilan tartib berilganini hammamiz yaxshi bilamiz. Ana shu tojikcha devonda:
Nigori turku to?ikam kunad sad xona vayrona,
Badon mujgoni to?ikonavu chashmonu turkona, –
degan bayt, ya’ni matla’ bilan boshlanadigan g‘azal bor. Mening turku (ya’ni o‘zbegu) tojik nigorim (chiroyi bilan) yuz uyni vayron qiladi, (chunki) uning kipriklari tojikcha (ya’ni uzun-uzun) va ko‘zlari o‘zbekcha (ya’ni qiyiq), deydi shoir lirik qahramonni.
Tojik tili Hind-evropa tillar oilasining forsiy tillar guruhiga, o‘zbek tili esa Oltoy tillar oilasining turkiy tillar guruhiga kiradi. O‘zbek va tojik tillari kelib chiqishi jihatidan bir-biriga uzoq tillar hisoblanadi. Lekin asrlar mobaynida bu ikki til bir-biriga shu qadar katta ta’sir ko‘rsatdiki, hatto olimlar bu sirli yaqinlik mohiyatiga hali-hanuz to‘liq yetib borganicha ham yo‘q.
Birgina so‘zni olaylik. Tojiklar “man” deydi, o‘zbeklarning bir qismi “men” deydi, bir qismi “man” deyaveradi. Shunday muhimdan-muhim so‘z o‘zbekchadan tojikchaga o‘tdimi yoxud tojikchadan o‘zbekchaga o‘tdimi? Bu savolga javobda qat’iy ilmiy hukm yo‘q hali.
Ikkinchi bir misol. O‘zbeklarimiz “keldim”, “bordim”, “o‘qidim” va hokazo deydi. Taxmin borki, asli “keldi men”, “bordi men”, “o‘qidi men” bo‘lgan, so‘ng “men” olmoshi fe’l shaklini o‘zgartiruvchi qo‘shimchaga aylangan. Yaxshi. Lekin tojik tilida ham “omadam”, “raftam”, “xondam” va hokazo o‘tgan zamon fe’llari oxiri ham xuddi o‘zbekchadagiday tugaydi. Buni “kitobim” – “kitobam”, “uyim” – “xonaam” so‘zlari oxiridagi egalik qo‘shimchalaridagi o‘xshashlikka nisbatan ham aytsa bo‘ladi.
Yana bir misol. Turkiylar forsiy, forsiylar turkiy so‘zu iboralarni qo‘llayveradi. Masalan, Eronda qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ o‘rtasidagi yaqinlikni “galan-gitan” deyishar ekan. Buni ozarbayjonlardan olishgan. “Keldi-ketdi” degani. Chunki Eronda qariyb 30 millionga yaqin ozarbayjon yashaydi. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”sida bu tushunchani “omadu raft” (“keldi-ketdi”) tarzida tojikcha ishlatadi.
Aksar o‘zbeklar opa, xola, amma va hokazolarning erini tojikcha qilib “pochcha” deyishadi. Lekin mamlakatimizning g‘arbiy viloyatlarida yashaydigan tojiklarimiz “pochcha” o‘rniga sof o‘zbekcha “yazna” (qozoqchasi – “jezde”) so‘zini ishlatishadi. Yoki Toshkentda osh sal o‘xshamay qolsa, oshpaz o‘zini: “Obu otash-da, aka”, – deb oqlagan bo‘ladi. “Obu otash” nima degani, deb so‘rashdi bir kuni bir oshpazdan? “Qayoqdan bilay, aka, ota-bobolar osh o‘xshamay qolsa, shunaqa deyishgan-da”, – deb qutildi. Tojik tilida “ob” – suv, “otash” – olov. Bilasiz, bular – bir-biriga zid tushunchalar. Ya’ni olovga suv sepsangiz, o‘chadi. Ana shunday bir-biriga tamoman zid narsa asosida osh pishirayotganda ba’zan o‘xshamay qolishi mumkin-da, deyilmoqchi bu gap bilan. Shu ham – asli tojikcha. Yoki mamlakatimizning xohlagan mintaqasidagi joy nomlariga diqqat qilsak, ulardan qancha-qanchasi tojikcha so‘zga asoslanganini ko‘ramiz. Xuddi shunday, Tojikiston hududlaridagi joy nomlarining ham muayyan qismi o‘zbekcha so‘zlar asosida yuzaga kelgan.
Yana bir misol keltiraylik. Kamina mehnat qilayotgan “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, adabiy-ma’rifiy jurnali ikki shior bilan chiqadi. Uning birinchisi – “Dil – ba yor-u, dast – ba kor”. Bu, aslida, tojikcha bo‘lgan shiorni bugun xalqimizga tarjima qilib o‘tirishga hech qanday hojat yo‘q. Ikkinchisi – Xoja Bahouddin Naqshbandning ikki satr she’rlari. Uni o‘zbekchaga tarjima qilib beramiz:
Ichda doim oshno bo‘l, tashda tut begonadek,
Bu kabi zebo ravish kam topilur dunyoda ham.
Xullas, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasiga borishi ikki mamlakat tarixida tamoman yangi sahifa ochadi. Orada 20 yilga yaqin bunday davlat tashrifi bo‘lmagan. Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasidagi o‘z vaqtida hal etilishi kerak bo‘lgan ko‘p-ko‘p muammolar o‘z yechimini topmay kelavergan. Hatto, ozmi-ko‘pmi o‘zaro yov qarashlarni ham boshdan kechirdik.
Endi hammasi ortda qoladi, insholloh.
Bir narsani hamma-hamma aniq-tiniq va yaxshi bilishi kerak: o‘zbek bilan tojikni hech kim hech qachon bir-biridan ajratolmaydi. Kimki shunga intilsa, uni tarix ham kechirmaydi, bugun ham hazm qilmaydi, kelajak ham aslo ma’qullamaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amalga oshirayotgan: “Avvalo, yaqin qo‘shnilarimiz bilan yaqin hamkorliklar qilaylik!” – degan g‘oya asosidagi siyosat zamirida faqat O‘zbekiston manfaatini himoya qilishgina yotibdi, deb hisoblamaslik kerak. Bu shiorda har bir qo‘shni davlat bilan ikki taraflama manfaat ko‘zlangan.
Tojikiston esa bizning azaliy va abadiy hamsoyamiz.
Shu o‘rinda “Hamsoya” degan g‘azalimni ushbu maqolaga ilova qilishni maqsadga muvofiq deb bildim:
Hamsoya
Hovlimizni, ey birodar, bir devoru soya de.
Gar devoru soya birdir, do‘st emas, hamsoya de.
O‘zbegim tojik bilandir bir xazina – moya de.
Loyimizni qordilar qo‘sh, chirmashiq bir poya de.
Birlashib o‘zdi jahon, bizni tutashgan qoya de.
Tilzabon – ayri, biroq ul ko‘nglida bir g‘oya de.
Yer talash, dunyo talash kezda bu bir himoya de.
Bilsabilsin olam ahli, busbutun sarmoya de.
Cho‘qqi zabt etmoq yo‘lida ham buyuk pilpoya de.

























