O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyat Kengashi raisi Muhammadqosim Olimovning “Boburnoma”da boshqaruv san’ati” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Marosimda shoir va yozuvchilar, jurnalist va blogerlar, adabiyot ixlosmandlari, kasaba uyushmasi tizimi vakillari, ommaviy axborot xodimlari ishtirok etdi.
Taqdimotni Buxoro davlat universiteti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor Obidjon Hamidov kirish so‘zi bilan ochib, taqdimoti o‘tkazilayotgan asar muallifining hayoti va ijodi xususida iliq fikrlar bildirdi.
Muhammadqosim Olimov 1958 yilda Vobkent tumanida tug‘ilgan. Toshkent xalq xo‘jaligi institutida tahsilni tugatgach, viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha majmua rahbari o‘rinbosari, Romitan tumani hokimi, Suv xo‘jaligi vazirligining boshqarma boshlig‘i, Quyi Chirchiq tumani “TST Agroklaster” MCHJ bosh direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2019 yildan buyon viloyat kasaba uyushmalari kengashi raisi.
Tarixchi-ijodkorning “Vobkent tumani tarixi”, “Xo‘ja Ubbon qadamjosi”, “Boshqaruv san’ati”, “Romitan tarixi” asarlari chop etilgan. “Boburnoma”da boshqaruv san’ati” asari Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”sida tasvirlangan voqealarga o‘ziga xos munosabat, unda yoritilgan joy va shaxslar to‘g‘risida uzoq yillik ilmiy izlanishlar natijasidir.
Muallif “Boburnoma”da boshqaruv san’ati” asarining dunyoga kelishi sabablari, jarayonning o‘ziga xos mashaqqatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ishtirokchilarga taqdimoti o‘tkazilgan yangi kitob nusxalari ulashildi.
O‘zA