O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 22-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida davlat aktivlarini elektron savdo maydonlari orqali sotish tizimini yaratish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Davlat aktivlarini hisobga olish va xususiy mulkka berish boshqarmasi boshlig‘i Zohid Bobobekovning ta’kidlashicha, bu tizimning joriy qilinishi yer uchastkalari berishda shaffoflik va qonuniylikni ta’minlashga, korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.
Hozirgi kunda tadbirkorlik subyektlari va tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolar bo‘sh turgan davlat obyektlarini xarid qilishi uchun kerakli hujjatlarni yig‘ib, ularni boshqarma mutaxassislariga topshiradi. Hujjatlar qabul qilingandan so‘ng maxsus komissiya a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilib g‘olib aniqlanadi.
Endilikda internet tarmog‘ida elektron savdolar o‘tkazishni joriy qilinishi orqali savdolarda inson omilini ishtirok etmasligi ta’minlanadi. Fuqarolar kerakli ma’lumotlarni elektron vositalar, komputer, internet, telefon orqali istalgan joydan yuboradi. Komputerda hujjatlar qabul qilinadi va g‘oliblar aniqlanib, g‘olib bo‘lgan insonga komputer orqali xabar yuboriladi.
Hozirda ushbu tizimni loyihalash ishlari olib borilmoqda. Joriy yilning 1 iyulidan boshlab davlat aktivlarini elektron savdo maydonlari orqali sotish tizimi ishga tushiriladi.


























