O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-sentyabrdagi “Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Guliston shahrida “Avtotest” o‘quv markazi faoliyat boshladi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik M.Jo‘rayev, viloyat prokurori R.Masharipov, Guliston shahar hokimi Sh.Ismatullayev va boshqalar mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligi, fuqarolar hayoti va salomatligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish choralarini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish, ayniqsa, nazariy bilimlar o‘quv jarayonining eng muhim qismlaridan biridir. Interaktiv o‘quv dasturi animatsiyali videodarslar, daqiqama-daqiqa aniq taqsimlangan o‘qituvchining xatti-harakati hamda zamonaviy o‘qitish uslubini o‘z ichiga oladi. “Avtotest” avtomaktablarida har bir dars amaliyot bilan to‘ldiriladi – zamonaviy simulyatorlar va maxsus dasturlar o‘quvchining bevosita jonli harakat ichida bo‘lgandek his qilishiga imkon beradi.
O‘quv markazining dizayniga ham alohida to‘xtalish joiz. Gollandiyaning zamonaviy arxitektura an’analari asosida qurilgan kampus o‘zida shinamlik, oddiylik va yuqori texnologiyani mujassam etgan. O‘quv xonalarida an’anaviy parta va stullardan voz kechildi. Bu o‘quvchi o‘zini erkin his qilishi, qulay joyda o‘tirishi, interaktiv ta’lim jarayonida faol qatnashishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida amalga oshiriladi.

Darslar 10 nafar malakali mutaxassis tomonidan olib borilmoqda. Markazda bir o‘quv kursi davomida 600 nafargacha haydovchining malakasini oshirish imkoniyati mavjud.


























