Ona diyorimiz uzra ko‘klam nafasi ufurib turgan shu kunlarda barchamiz bahor va ayol degan ardoqli so‘zlarning bir-biriga naqadar hamohang va uyg‘un ekanini beixtiyor his etamiz. Chunki, bahor ham, ayol ham inson ko‘nglida avvalo hayotga muhabbat, ezgu orzu-intilishlar, mehr va saxovat kabi olijanob hissiyotlarni uyg‘otadi.
Poytaxtimizning “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar zalida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan Vatanimiz ravnaqi yo‘lida samarali mehnat qilayotgan, jamiyat hayotining barcha jabhalarida fidokorona faoliyat olib borayotgan ayollar, iqtidorli qizlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari safidagi xotin-qizlar taklif etildi.

Tantanali tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakatimiz xotin-qizlarini tabrikladi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotida ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, onalik va bolalikni har tomonlama muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim dasturamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini kuchaytirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, oila asoslarini yanada mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilangan.
Bu yilgi bayram tadbiri har yilgidan ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. Jamiyatimizda xotin-qizlarning o‘rni va nufuzini oshirish, yosh avlodni vatanparvarlik, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida, tadbirkorlik, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat, san’at va boshqa sohalarda samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokchi ayollarga yuksak mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
Bayram san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan yakunlandi.


























