Hikmatlarga yo‘g‘rilgan qo‘shiqlar guldastasi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Fevral 14, 2018

Hikmatlarga yo‘g‘rilgan qo‘shiqlar guldastasi

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi kunlari munosabati bilan nazm va navo kechasi bo‘lib o‘tdi. 

Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, milliy adabiyotimizga e’tiborni yanada kuchaytirish, ulug‘ allomalarimizning boy ijodiy merosini o‘rganish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Bu jihatlar milliy adabiyotimizning ulug‘ namoyandalari ijodini puxta o‘rganish, ularning asarlarida tarannum etilgan g‘oyalarni yoshlar ongiga singdirishda ham o‘z ifodasini topmoqda.

Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning ma’naviy merosi adabiyot, musiqa, teatr, tasviriy san’at sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlar uchun hamisha bitmas-tuganmas ilhom manbai bo‘lib kelgan. Har ikki shoir g‘azal va ruboiylari asosida yaratilgan qo‘shiqlar xalqimiz qalbidan chuqur joy olgani, hikmatlarga boyligi, ulkan tarbiyaviy ahamiyati, ona tilimizga hurmat, Vatanga muhabbat tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgani bilan ham g‘oyat qadrlidir.

Nazm va navo kechasining asosiy ishtirokchisi – O‘zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi G‘anijon Toshmatov nomidagi «Dutorchilar» ansambli repertuarida Navoiy va Bobur so‘zi bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar salmoqli o‘rin tutadi. Qalbga sokinlik, orom, ruhiy quvvat bag‘ishlovchi bu qo‘shiqlar ansambl ishtirokchilari tomonidan Germaniya, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Yaponiya kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston kunlari» madaniy tadbirlarida, Navro‘z ayyomiga bag‘ishlangan musiqiy anjumanlarda ijro etilgan. Xalqimizning milliy ruhi, o‘zligi, ma’naviyatini aks ettirgan ushbu qo‘shiqlar xorijlik san’at ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otgan.

Tadbirda alloma bobolarimizning g‘azal va ruboiylari asosida yaratilgan qo‘shiqlar «Dutorchilar» ansambli ijrosida yangradi.