LATVIYANING BIRINCHI XONIMI O‘ZBEKISTON SALOHIYATIGA YUQORI BAHO BERDI

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Dekabr 26, 2017

LATVIYANING BIRINCHI XONIMI O‘ZBEKISTON SALOHIYATIGA YUQORI BAHO BERDI

Rigada xayriya yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning 30 mamlakati, jumladan, O‘zbekiston ekspozitsiyasi ham namoyish etildi. Mazkur tadbir Latviya Xalqaro ayollar klubi tomonidan tashkil etildi.

Xayriya tadbirining ochilish marosimida Latviyaning ijtimoiy-siyosiy va ishbilarmon doiralari, xalqaro tashkilotlar, diplomatiya korpusi, ommaviy axborot vositalarining vakillari, yetakchi sayyohlik agentliklarining menejerlari va boshqa mehmonlar hozir bo‘ldilar.

Yarmarkada xalq amaliy va bezak san’ati mahsulotlari, turli mamlakatlarning milliy oshxonasi taomlari keng namoyish etildi.

O‘zbekiston bo‘lmasini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad xalqimizning ma’naviy merosini targ‘ib etish, xorijliklarni milliy an’analarimiz hamda boy va noyob tarixiy-madaniy merosimiz bilan yaqindan tanishtirish edi.

Mamlakatimiz bo‘lmasida mehmonlar uchun o‘zbek xalq hunarmandlarining ishlari, rang-barang milliy liboslar, dunyoda tobora ommalashib borayotgan atlas, adras singari turli matolar, esdalik sovg‘alari, sopol buyumlar va milliy taomlar bilan oshno bo‘lish imkoniyati yaratildi.

O‘zbekistonning diqqatga sazovor qadamjolari, mamlakatimiz salohiyati, yurtimizda, shu jumladan, Farg‘ona vodiysida sayyohlikning rivojlanishi singari mavzularga bag‘ishlangan matba mahsulotlar hamda video materiallar yarmarka ishtirokchilari o‘rtasida tarqatildi.

Tadbir doirasida Boltiqbo‘yi va Shimoliy Yevropa mamlakatlaridan quyoshli o‘lkamizga sayohat qilish uchun o‘zbekistonlik, latviyalik va finlyandiyalik turoperatorlar tomonidan birgalikda tayyorlangan sayyohlik paketlari ham taqdim etildi. Shuningdek, mehmonlar ayni kunlarda respublikamiz xalqi muhim sanani – mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligini nishonlayotgani haqidagi ma’lumotlar bilan ham tanishdilar.

Shuni ham qayd etish joizki, ko‘rgazma-yarmarkaning ko‘p sonli ishtirokchilari bilan birga Latviya Respublikasi Prezidentining rafiqasi Iveta Veyone ham mamlakatimiz bo‘lmasining mehmoni bo‘ldi. Latviyaning birinchi xonimi ushbu xayriya tadbirida taqdim etilgan O‘zbekiston ekspozitsiyasi milliy o‘ziga xosligi, rang-barangligi, bezalishi hamda boy mazmuni bilan boshqalaridan ajralib turganini alohida ta’kidladi.

“Jahon” AA,

Riga