O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalidagi oshxona kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Endi mazkur oshxonada taomlar autsorsing tizimida tayyorlanib, bemorlarga yetkazib beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan mazkur oshxona “Voris kelajak” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan kapital ta’mirlandi. Rejaga muvofiq, ta’mirlash va qayta jihozlash ishlariga 2 milliard 150 million so‘m sarflandi. Shundan 850 million so‘mga 40 ta zamonaviy ovqat tayyorlash va saqlash uskunasi olib kelindi. Oshxonada bir vaqtning o‘zida 600 kishiga parhez taomlar tayyorlash imkoniyati mavjud.

Mazkur taomxona autsorsing tizimida faoliyat ko‘rsatadi. Mudofaa vaziri o‘rinbosari Azizbek Ikromovning ta’kidlashicha, bu tizim oziq-ovqat ta’minoti sifatini yanada yaxshilash, oshxonalar taomnomasini kengaytirishga xizmat qiladi.

Tizimga muvofiq “Bunyod baraka biznes” xususiy korxonasi oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishdan tortib, bemorlarga taom yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni amalga oshiradi. Oshpazlar har kunlik belgilangan qat’iy taomnomaga asosan ovqat tayyorlaydi.
Oshxonada oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va ishlov berishga mo‘ljallangan alohida xonalar mavjud. Har bir xona zamonaviy texnologik jihozlar, yuqori sifatli idish-tovoqlar bilan ta’minlangan. Bu esa harbiy xizmatchilarning sifatli ovqatlanishlari uchun qulay sharoit yaratmoqda.


























