“Men ham shu vatanning bir zarrasiman!”

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 31, 2018

“Men ham shu vatanning bir zarrasiman!”

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xorijda o‘qiyotgan va ishlayotgan yurtdoshlarimizni mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shishga undamoqda, ular uchun zarur sharoit yaratilmoqda.

O‘z navbatida, xorijdagi vatandoshlarimiz bunday imkoniyatni mamnuniyat bilan qabul qilib, yurtimizdagi o‘zgarishlardan xursand bo‘layotir.

Bugungi kunda Niderlandiya poytaxti Amsterdam shahrida istiqomat qilayotgan o‘zbek adibasi Shahodat Ulug‘ (Ulug‘ova) O‘zA muxbiriga yurtimizdagi o‘zgarishlar, ijod va oila, kelgusidagi rejalar haqida so‘zlab berdi:

– Bu kun qutlug‘ va muqaddas Vatanimiz – O‘zbekistonda chin ma’noda yangi davr va yangi zamon boshlanganini, mamlakatimiz hayotining har jabhasida havas qilarli o‘zgarishlar sodir bo‘layotganini ko‘rib ko‘zimiz quvonmoqda. Har sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar, xalqimiz mushkulini oson qilishni bosh maqsad qilgan ijobiy o‘zgarishlar nafaqat Vatanimiz bag‘ridagi, balki xorijdagi vatandoshlarning ham dillariga malham bo‘lmoqda, ularning chin ma’nodagi mamnunliklariga sabab bo‘layotir.

Bu tuyg‘uni 13 yildan buyon Vatanidan uzoqda yashagan bir inson sifatida chin yurakdan his qildim. Ushbu harakatlar O‘zbekistonimiz tez orada jozibasi bilan barchani o‘ziga chorlovchi mayoq bo‘lib yorqin porlay boshlashiga ishonch uyg‘otadi. O‘ylaymanki, Vatanimizning yaqin kelajakdagi bemisl taraqqiyoti uchun xorijdagi barcha vatandoshlar imkoni va salohiyati darajasida hissa qo‘shishni chin qalbdan va samimiy istayotirlar. Ana shu samimiy istak sohiblari qatorida shu Vatanning birgina zarrasi bo‘lgan kamina ham bor.

Garchand biz Vatanimizdan olisda bo‘lsak-da, ammo bir zum ham yurtimizni yodimizdan chiqarganimiz yo‘q, farzandlarimizni O‘zbekistonga chuqur muhabbat ruhida tarbiyalayapmiz. To‘ng‘ich o‘g‘lim Shamshodbek Ahmedov sport tibbiyoti sohasi bo‘yicha oliy o‘quv yurtida tahsil olmoqda. Shu bilan birga, Niderlandiyaning yetakchi futbol klubi bo‘lgan “Ayaks” jamoasida o‘z yo‘nalishida amaliyot o‘tamoqda. Bu yerda olgan bilim va tajribalarini kelgusida O‘zbekistonda tatbiq etish rejalari bor. Ikkinchi o‘g‘lim Abduqayum Ahmedov arxitektura va shaharsozlik yo‘nalishini tanlagan. Ayni paytda u ham sport bilan, xususan, kikboksing bilan professional darajada shug‘ullanmoqda. Fevral oyida bo‘lib o‘tadigan Niderlandiya chempionatida qatnashadi.

Kenja qizimiz Nurxon Ahmedova yaqinda Niderlandiyadagi umummilliy xotira majmuasi ochilish marosimida Niderlandiya qiroli Villem-Aleksandr va qirolicha Maksima xonimga hamrohlik qilib, ularning ham minnatdorligiga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Niderlandiya matbuoti va boshqa xalqaro axborot agentliklari xabar tarqatdi. Hozir u Qirollik xonadoni va YuNESKO shafeligi ostidagi gimnaziyaning ilg‘or o‘quvchisi. Endigina 13 yoshga to‘lgan Nurxon AQShning Harvard universitetida xalqaro huquq yo‘nalishida o‘qishni davom ettirish uchun maxsus dasturlarda qatnashayapti. Farzandlarimizning qalbida O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish istagi bor. Men buni bir ona sifatida dildan his qilaman.

Men va turmush o‘rtog‘im Sharifjon Ahmedov yozuvchi va badiiy tarjimonlar sifatida yaratgan asarlarimizda O‘zbekistonni, shu aziz Vatanimizning ulug‘ o‘tmishini tarannum etib kelayapmiz. Bu “Jayhun epkinlari yoxud Jaloliddin Manguberdi qissasi” nomli kitobimda ham aks etgan. Ushbu asarim O‘zbekiston adabiy doiralarida katta qiziqish bilan kutib olindi. Ayol adiba qalamiga mansub katta ko‘lamdagi asar sifatida London xalqaro adabiyot festivalida g‘olib deb topildi. Ayni paytda mazkur asar Ovro‘paning qator tillariga tarjima qilinmoqda, shuningdek, Turkiyada badiiy film suratga olish uchun muzokaralar va ssenariy tayyorlash jarayoni ham davom etayotir.

Turmush o‘rtog‘im Sharifjon Ahmedov – yozuvchi va tarjimon, uzoq yillardan buyon ispan tili, xususan, Lotin Amerikasi adabiyoti masalalari bilan shug‘ullanadi. U Ispaniya Qirolligi Servantes institutida ispanshunoslik yo‘nalishida tahsil olgan. Lotin Amerikasi tarixi va madaniyati bo‘yicha mutaxassis. Ayni paytda Lotin Amerikasining yirik adiblari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilmoqda.

Bizlar Vatanning bir bo‘lagi sifatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va rahnamoligida yurtimiz hayotining har jabhasida sodir bo‘layotgan ulkan ijobiy o‘zgarishlarni cheksiz mamnunlik bilan kuzatib borayapmiz va taraqqiyot sari yo‘naltirilgan ushbu o‘zgarishlar qisqa vaqt ichida O‘zbekistonni jahonning taraqqiy etgan mamlakatlari qatorida turishiga ishonamiz. Va bu harakatlarga o‘zimiz va farzandlarimiz ham qo‘limizdan kelganicha hissa qo‘shishni chin dildan istaymiz. Buning uchun esa, kelgusida albatta, oilamiz bilan O‘zbekistonga qaytamiz.