O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston bilan ko‘p qirrali sheriklik kun tartibini kengaytirish muhimligini ta’kidladi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 27, 2025

O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston bilan ko‘p qirrali sheriklik kun tartibini kengaytirish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni navbatdagi O‘zbekiston-Turkmaniston siyosiy maslahatlashuvlari doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Suhbat avvalida vazir Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, mamlakat Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tovar ayirboshlash hajmi jadal o‘sib borayotgani, 2024-yilda 1,1 milliard dollardan oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. «Shovot-Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasi birgalikda barpo etilmoqda. Sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi va suvdan foydalanish sohalarida yaqin va o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil davom ettirilmoqda. Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.

Toshkent shahrida Gurbanguli Berdimuhamedovning «Hakyda göwheri» («Tafakkur gavhari») nomli yangi kitobining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti o‘tkazilgani uchun Turkmaniston rahbariyati nomidan O‘zbekiston yetakchisiga chuqur minnatdorlik izhor etildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikning yangi keng qamrovli kun tartibini shakllantirish, bo‘lajak oliy darajadagi tashriflar, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va «Markaziy Osiyo plyus» formatidagi sammitlarga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.