Vashingtonda Ronald Reygan nomidagi Xalqaro savdo markazida jahondagi turli mamlakatlar madaniyati, an’ana va sayyohlik salohiyatini ilgari surishga bag‘ishlangan “Winternational” festivali bo‘lib o‘tdi. Har yili tashkil etiladigan ushbu an’anaviy tadbirda Amerikada akkreditatsiyadan o‘tgan qirqqa yaqin diplomatiya missiyalari o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Tashkilotchilarning ma’lum qilishlaricha, AQSh madaniy-gumanitar, ta’lim, jamoat tashkilotlari va ishbilarmon doiralarining 2,5 mingdan ziyod vakilllari ushbu anjuman ishi bilan tanishdilar.
Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston paviloni festival mehmonlarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Mazkur madaniy tadbir doirasida o‘zbek milliy san’ati, hunarmandchiligi va tasviriy san’ati, milliy oshxonasi namunalari keng namoyish qilindi. Tadbir doirasida mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan videofilmlar ham namoyish etildi.
Anjumanning ayrim ishtirokchilari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga yuqori baho berganlari barobarida respublikamizda xorijiy sarmoyadorlar va biznesni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilganini e’tirof etdilar.
R.Reygan nomidagi markaz vitse-prezidenti E.Jelfuzo ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi tarixiy yodgorliklar va shaharlar tasvirlangan fotogalereya keng jamoatchilikka mamlakat tarixi va zamonaviy hayoti bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. “Mehmonlar Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari go‘zalligi haqida hikoya qiluvchi videofilmlardan zavq olishdi”, dedi u.
Markazning diplomatik korpuslar bilan aloqa bo‘limi rahbari J.Dyu Plein ko‘rgazmaning O‘zbekiston bo‘lmasida katta navbat paydo bo‘lganiga e’tibor qaratdi.
-Ular o‘zbek milliy taomlaridan tatib ko‘rish uchun navbat kutishayotgan ekan, – dedi u. – Bunaqasini kutmagan edim. O‘zbek palovi va shirinliklarining xushxo‘rligi va mazasi hammani qoyil qoldirdi.
“The Potomas Exchange” biznes-klubi prezidenti K.Mossning aytishicha, Amerika jamoatchiligi ko‘rgazmadagi O‘zbekiston burchagini katta qiziqish bilan qabul qildi. “So‘nggi paytlarda O‘zbekiston to‘g‘risida, mamlakatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida ko‘p yozishmoqda. Mening fikrimcha, O‘zbekiston bozorida Amerika biznesi ishtirokini kengaytirish uchun mustahkam poydevor yaratilgan”, dedi K.Moss.
Tadbir tashkilotchilari taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, festival natijalarini Amerika OAV, internet nashrlar hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish rejalashtirilgan. O‘zbekiston diplomatiya vakolatxonasining ushbu anjumanda faol ishtirok etishi Amerika jamoatchiligi o‘rtasida mamlakatimizning ommaviy sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi nufuzini mustahkamlashi barobarida AQSh ishbilarmonlar doiralari vakillarida respublikamiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritishga bo‘lgan qiziqishlarini ham oshiradi, albatta.
“Jahon”AA,
Vashington


























