O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Toshkent shahriga “propiska” qilish masalasi qizg‘in muhokama qilinmoqda. Bu muhokamalarning dolzarbligi shundaki, bildirilayotgan takliflar amalga tatbiq etilishi mumkin.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat loyihasining 28-bandida fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish, ularning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlarini ta’minlash nazarda tutilgan.
Mazkur band yuzasidan yurtdoshlarimiz eng ko‘p mulohaza va takliflar bildirgan. Propiska bilan bog‘liq o‘zlari duch kelgan muammolarni yozib qoldirgan.
Mana ulardan ayrimlari:
Akbar Yusupov: “Toshkentga kelib ishlayman degan odam baribir keladi. Propiska qilolmasa ichki ishlar xodimini rozi qildi. Bu esa korrupsiyaga olib keladi”.
Farhod Abdurahmonov: “Dunyodagi deyarli barcha davlatlarda propiska degan tizim umuman mavjud emas. Propiskaning bekor qilinishi faqat aholiga yengillik tug‘diradi, ularning oddiy insoniy huquqlari ta’minlashga xizmat qiladi”.
Shukrullo Abduvaliyev: “Muammoni hal qilishda turli cheklovlarni joriy qilish emas, muammoning asl negizini bartaraf qilish yo‘lini tanlash vaqti keldi”.
Maqsad Asqarov: “Propiskasi yo‘qlar birovning nomiga uy sotib olib, keyinchalik aldanib qolish, shuningdek, chet davlatlarga chiqib ketib o‘sha davlatlarning taraqqiyotiga hissa qo‘shayotganliklarining guvohi bo‘lmoqdamiz”.
Akmal Rahimov: “Vaqtinchalik propiskani 6 oyga emas, balki 2, 3, 5 yil yoki boshqa muayyan davrga qilish kerak. Axir har 6 oyda propiska qilish katta ovoragarchilik, korrupsiya, qog‘ozbozlikka olib kelyapti”.
Bekzod Ibragimov: “Besh yildan ziyod Toshkent shahrida vaqtinchalik ro‘yxatda turib, muqim joyda ishlayotganlarga ipoteka kreditlari asosida uy olish uchun ruxsat berish kerak. Qanchadan-qancha yaxshi kadrlar Toshkent shahrida olgan oyligini faqat ijara uyi uchun sarflab, biri ikki bo‘lmayapti”.
Barnoxon Sattarova: “Propiskadagi cheklovlar tufayli har yili mehnat shartnomasi tuzaman. Bolalarni bog‘cha va maktabga joylashtirishga qiynalganman, yani pul talab qilishgan”.
Dilmurod Xalilov: “Xalqni qiynayotgan eng katta muammolar – naqd pul va valyuta, gaz-svet, propiskadir. Prezidentimizning qat’iyligi va jasurligi, mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olishdan qo‘rqmasligi tufayli naqd pul va valyuta muammosi deyarli barham topdi. Aholini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Propiska bo‘yicha ham odamlarni qinayotgan muammo yechimini topadi, deb o‘ylayman. Juda katta olg‘a siljish bor”.
Abdurahmon Shokirov: “Yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rib odamning ishongisi kelmaydi. Bo‘lar ekan-ku, deging keladi”.
Muhokamalar davom etmoqda. Fikr-mulohaza va takliflarni O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida qoldirish mumkin.


























