QUVAYTDA BO’LIB O’TGAN O’ZBEKISTON MADANIYATI KUNLARI MAHALLIY SHARHLOVCHILAR NIGOHIDA

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Dekabr 26, 2017

QUVAYTDA BO’LIB O’TGAN O’ZBEKISTON MADANIYATI KUNLARI MAHALLIY SHARHLOVCHILAR NIGOHIDA

Ilgari xabar qilinganidek, joriy yilning 17-21 dekabr kunlari Kuvaytda O’zbekiston Madaniyati kunlari bo’lib o’tdi. Bunday yirik tadbir O’zbekiston-Quvayt o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk marotaba tashkil etildi.
Al-Kuvaytda o’zbek delegatsiyasining har bir soati tadbirlarga boy bo’ldi – san’at ustalarining chiqishlari, turli muassasa, oliy o’quv yurtlarida uchrashuv va taqdimotlar. Muxtasar qilib aytganda, Quvayt poytaxtining ahli va mehmonlari besh kun davomida o’zbek ohanglari va raqslari, milliy taomlari, amaliy san’at asarlari orqali xalqimizning boy madaniy merosi bilan tanishishga, uni qalban his etishga muvaffaq bo’ldilar.

“Ar-Rai” axborot agentligi o’zining veb-sahifasida “Qo’shiq va raqslarni o’z ichiga olgan o’zbek folklori tomoshabinlarni hayratda qoldirdi” deb nomlangan maqolani e’lon qildi. Unda Abdul Hussayn Abdul Rid nomidagi teatrga kelgan tomoshabinlar o’zbek xalqining an’anaviy madaniy merosi bilan tanishganlari qalamga olingan. “Tomoshabinlar vaqt o’tganini ham sezmay qolishdi. Qo’shiq va an’anaviy raqslardan iborat madaniy dastur ularni o’ziga maftun qilib qo’ygan edi”, deb yozadi maqola muallifi.

“Al-Anba” gazetasi ushbu mavzuni davom ettirar ekan, bayram konserti doirasida milliy raqslar jo’rligida mumtoz va an’anaviy musiqalar yangraganini o’z o’quvchilarining e’tiboriga havola qildi. “Ijrochilar sahnaga birin-ketin chiqishib, O’zbekistonning musiqa merosi bilan yaqindan tanishtirdilar. Ular betakror edi. O’zbek san’atkorlari o’zlarining ajoyib ovozlari bilan tomoshabinlarni maftun etishdi. Hamma yerda O’zbekiston va Quvayt bayroqlari hilpirab turibdi, tomoshabinlar san’atkorlarni olqishlashmoqda.”

Mazkur nashrda chop etilgan yana bir maqolada Madaniyat kunlari doirasida Quvayt universitetida bo’lib o’tgan O’zbekiston madaniy merosi taqdimotining tafsilotlari qalamga olingan. Gazeta Adabiyot fakulteti qoshidagi til markazi rahbari, dekan o’rinbosari, professor Abdulxadi al-Ajmi aytgan quyidagi fikrlarni keltirgan: “O’zbekiston – Xorazmiy, Buxoriy kabi buyuk allomalarning yurtidir. Ushbu zamin qadim-qadimdan jo’g’rofiya bilan oshno bo’lib kelgan. O’zbekiston eng muhim savdo yo’llarining chorrahasidir. Bu savdo-sotiqning rivojlanishiga, tajriba, madaniyat, san’at va diniy bilimlarning almashuviga turtki bo’lgan. Bugungi kunda mamlakat iqtisodiyoti bozor qonunlarini hurmat qilish, raqobat va diversifikatsiya tamoyillariga asoslangan”.

O’z navbatida, “Al-Jarida” gazetasi ham bu mavzuga murojaat etib, o’zbek estrada va raqs ustalari ishtirokidagi konsert tomoshabinlarda yorqin taassurotlar qoldirganini ta’kidlagan. Maqola muallifining fikr bildirishicha, yodda qolarli qo’shiq va raqslar o’zbek madaniyatini yaqqol ifoda etgan. “O’zbek qo’shiqchiligining birinchi ansambliga mashhur bastakor Yunus Rajabiy 1959 yilda asos solgan. Uning tarkibida 14 nafar musiqachi va ijrochi bo’lgan. 1962 yilda ansambl tomonidan mashhur “Shoshmaqom”, “Toshkent va Farg’ona maqomlari” yaratilgan. Jamoa ko’p marotaba ijodiy safar bilan xorijiy davlatlarda bo’lgan”, deb yozadi gazeta.

“Jahon”AA,

Al-Kuvayt