Xalqaro shaxmat federatsiyasi 2025 yildagi muhim musobaqalarning o‘tish manzillari va sanasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, shaxmatning eng nufuzli tadbirlaridan biri bo‘lgan va har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan FIDE Grand Swiss turniri joriy yilning 3-15 sentyabr kunlari ilk bor mamlakatimizning qadimiy va hamisha navqiron shahri Samarqandda o‘tkaziladi. Mazkur turnirning ahamiyatli jihati, unda 1-2-o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri jahon chempionligiga nomzodlar turniri yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
FIDE taqvim rejasiga binoan joriy yilning 5-29 iyul kunlari Gruziyaning Batumi shahrida ayollar o‘rtasida jahon kubogi, 31 oktyabr-27 noyabr kunlari Hindistonda jahon kubogi, 25-31 dekabr kunlari Qatarning Doha shahrida rapid va blits yo‘nalishida jahon chempionatlari tashkil etilishi belgilandi.
O‘zA