Yevropada frantsuz va nemis tillarida teleko‘rsatuvlarni efirga uzatadigan mashhur “ARTE” telekanali “Buyuk Ipak yo‘li va boshqa mo‘‘jizalar” turkumidagi ko‘rsatuvlarni tomoshabinlarning e’tiboriga havola qilishni davom ettirmoqda. Shu kunlarda Yevropa mintaqasi va butun jahondagi millionlab tomoshabinlar Samarqandga bag‘ishlangan “Shaharlar durdonasi” deb nomlangan yangi hujjatli filmni tomosha qilishmoqda.
Ushbu yangi filmda uning muallifi – frantsiyalik telejurnalist Alfred de Monteskyo Marko Polo yurgan ko‘hna yo‘l bo‘ylab Buxorodan Amir Temurning ulkan saltanati poytaxti, asrlar davomida sharaflangan Samarqand tomon yo‘lga tushadi (bundan avval Buxoro haqidagi film namoyish etilgan edi).
Yo‘l-yo‘lakay tasvirga olish guruhi XI asrda barpo etilgan mashhur tarixiy “Rabоt Malik” karvonsaroyiga, so‘ngra Iskandar Zulqarnayn asos solgani taxmin qilinadigan Nurota shahriga kirib kelishadi.
Yevropalik jurnalistning ta’riflashicha, qadim zamonlarda Buxorodan Samarqandga eltadigan yo‘lni “Oltin yo‘l” deb atashgan ekan. Bu yo‘l orqali Buyuk Ipak yo‘li markazida savdo-sotik, madaniy aloqalar amalga oshirilgan.
Samarqandga yetib kelgach, film ijodkorlari sohibqiron Amir Temur va Temuriylar sulolasi haqida hikoya qilishadi. Ko‘hna va hamisha navqiron shahar XIV asrda buyuk davlatning poytaxti bo‘lgan. Muallif alohida ta’kidlaganidek, shaharda qad rostlagan, kishi tasavvurini hayratga soladigan me’morchilik obidalari buyuk hukmdorning tashabbusi bilan barpo etilgan. Samarqand ulug‘ sarkardaning eng sevimli shahri hisoblangani bois bu yerda ulkan qurilish loyihalari hayotga tadbiq etilgan. Amir Temur maqbarasi haqida hikoya qilar ekan, frantsuz jurnalisti Sohibqiron noyob “Temuriylar uslubi”ning shakllanishi va rivojlanishi tashabbuskori bo‘lganini e’tirof etadi.
Filmda go‘zallikda betakror Registon maydoni, so‘ngra Ulug‘bek madrasasi haqidagi ma’lumotlarga keng o‘rin berilgan. De Monteskyo tomoshabinlar e’tiborini iste’dodli shoir, astronom va matematik, Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek siymosiga qaratadi. U Ulug‘bekning mamlakat poytaxtini jahondagi mashhur ilmiy markazga aylantirganini ta’kidlaydi.
Bibi Xonim masjidi devori etagida joylashgan Samarqandning markaziy bozoriga alohida lavha bag‘ishlangan. Bozor qadimdan gavjum, savdo-sotiq va o‘zaro muloqot maskani bo‘lib kelgan.
Bozordan qaytgach, hujjatli film ijodkorlari Samarqand chekkasidagi tepaliklarga yo‘l oladi. U yerda qadimiy shahar Afrosiyob joylashganini tomoshabinlarga ma’lum qiladi. Ijodiy guruhning mo‘g‘ullar istilosiga qadar bo‘lgan davrdagi Marokand va Sug‘diyona tarixini o‘rganayotgan arxeologlar bilan uchrashuviga ham alohida o‘rin ajratilgan.
Filmda Samarqand hukmdoriga to‘y munosabati bilan sovg‘a-salomlar olib kelgan elchilar tasvirlangan, VII asrga taalluqli Afrosiyob devoridagi rasm haqida atroflicha hikoya qilinadi. Uni qadimgi saroylarning biridan arxeologlar topishgani qayd etiladi.
Jurnalist tomoshabinlarni qo‘l mehnati bilan tayyorlanadigan qog‘oz chiqarish ustaxonasi faoliyati bilan tanishtirar ekan, Samarqand qog‘oz tayyorlash bo‘yicha islom dunyosining markazi bo‘lganligini alohida ta’kidlaydi.
Safar davomida ijodiy guruh jahonga mashhur Marko Polo qadam qo‘ygan tarixiy joylar – afsonaviy Temuriylar bog‘lari joylashgan manzillar bilan ham tanishgani teletomoshabinlarning e’tiboriga havola qilingan.
Alfred de Monteskyo qadim Movaraunnahr poytaxtidan orttirgan ulkan taassurotlarini o‘rtoqlashar ekan, Samarqandni Buyuk Ipak yo‘lidagi bebaho shahar, G‘arb bilan Sharq o‘rtasidagi ko‘prik, deya ta’riflaydi.
“Jahon” AA,
Parij