Tadbirkorlik sohasidagi islohotlar va faol muloqot: Prezidentning VI Ochiq muloqoti – yangi iqtisodiy yuksalish omili

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Avgust 7, 2026

Tadbirkorlik sohasidagi islohotlar va faol muloqot: Prezidentning VI Ochiq muloqoti – yangi iqtisodiy yuksalish omili

O‘zbekiston iqtisodiyotining bugungi va ertangi rivoji bevosita xususiy sektorning erkinligi, ular uchun yaratilayotgan teng va qulay imkoniyatlar hamda mustahkam huquqiy himoya bilan belgilanadi. Mamlakatimizda mustahkam anʼanaga aylangan Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqoti shunchaki navbatdagi tadbir emas, balki biznes va davlat o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri, pragmatik va yuqori samarali strategik alyansning asosiy mexanizmidir. Aynan ushbu bevosita muloqot maydoni mamlakatimizda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qilib, milliy biznesni qo‘llab-quvvatlash va unga yangi imkoniyatlar ochishda muhim o‘rin tutmoqda.

Amaliy natijalar va afzalliklar

Davlat rahbari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuzma-yuz suhbat mamlakatda ishbilarmonlik muhitini tubdan sog‘lomlashtirishning eng qudratli drayveriga aylandi. Ushbu platforma doirasida qabul qilingan tizimli qarorlar va berilgan yengilliklar qog‘ozda qolib ketmay, biznes subyektlari uchun aniq va real afzalliklarni taqdim etdi. Quyida ana shunday strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ayrim tashabbuslar misolida natijalar keltiriladi:

Moliya-kredit tizimini transformatsiya qilish

Davlat yirik korxonalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish tartibini maqbullashtirib, bank resurslarini asosan xususiy sektor loyihalarini rivojlantirishga yo‘naltirishga eʼtibor qaratdi. Biznesni rivojlantirish banki, mikromoliya tashkilotlari va banklari, faktoring, venchur jamg‘armalari hamda sanoatni qo‘llab-quvvatlash fondlari tashkil etildi. Tadbirkorlarning bank hisob raqamlaridagi mablag‘larini davlat tomonidan kafolatlash tizimi joriy qilindi.

Yer, mulk va infratuzilma islohoti

Yer uchastkalari va ko‘chmas mulk to‘laqonli iqtisodiy aktivga aylantirildi. Auksiondan sotib olingan yerlar uchun soliq muvofiqlashtirildi, to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash muddatlari uzaytirildi va ularni ustav kapitaliga kiritishga ruxsat berildi. Yagona klassifikator orqali yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirish soddalashtirildi. Energetika limitlari tartibga solindi va konlar hamda yer osti boyliklarini o‘zlashtirishga xususiy kapital jalb qilindi.

Tashqi savdo, logistika va eksport

Iqtisodiyot JSTga aʼzo bo‘lish va global zanjirlarga integratsiyalashuvga yo‘naltirildi. Metallurgiya, kimyo va energetika kabi bazaviy sohalarda monopol va eksklyuziv huquqlar bekor qilindi. Eksport oldi kreditlash, logistika va xalqaro sertifikatlashni subsidiyalash kengaytirildi. Transport ruxsatnomalarini shaffof taqsimlovchi “E-logistika” platformasi ishga tushirildi va eksportda QQSni qaytarish mexanizmi soddalashtirildi.

IT, xizmatlar va innovatsiyalar

IT-sohasi, sunʼiy intellekt va startaplarni rivojlantirish bo‘yicha davlat tomonidan teng ulushda moliyalashtirish hamda patentlash xarajatlarini qoplash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Umumiy ovqatlanish, turizm va mehmonxona sohalarida to‘langan QQSning bir qismini “keshbek” sifatida qaytarish va foyda solig‘ini kamaytirish joriy etildi. Qurilish va turizmda sertifikatlash hamda konsalting xizmatlari xususiy sektorga o‘tkazildi.

Soliq va nazorat tizimini liberallashtirish

Soliq maʼmuriyatchiligi takomillashtirildi: QQSdagi “tax-gap” koeffitsiyenti bekor qilindi, intizomli biznes uchun ochiq reyting tizimi joriy etildi. Yangi jazo choralarini qo‘llashga moratoriy eʼlon qilindi. Banklar tomonidan garov mulkini asossiz savdoga chiqarish va korxonalar faoliyatini noqonuniy to‘xtatish taqiqlandi.

Huquqiy himoya va mahalliy ishlab chiqarish

Davlat organlarining mulkni sudsiz olib qo‘yish va yer ajratish qarorlarini bekor qilish vakolatlari cheklandi, soliq nizolari bo‘yicha daʼvo muddati 3 yilgacha qisqartirildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat xaridlarida «mahalliy kontent» talabi va uzoq muddatli kafolatlangan buyurtmalar tizimi joriy etildi.

Platformaning real taʼsirini biznes vakillari o‘z faoliyatlari misolida yaqqol his etmoqdalar.

“AslCab” korxonasi rahbari Shavkat Xolboyev bu haqda shunday deydi: «O‘tgan yilgi Ochiq muloqotda bildirilgan takliflar asosida eksportda QQSni avtomatik qaytarish elektron tizimi yo‘lga qo‘yildi. Natijada korxonamiz 10-12 milliard so‘mga yaqin aylanma mablag‘ini qisqa fursatda qaytarib oldi va bu pullarni xomashyo xaridi hamda eksport geografiyasini kengaytirishga yo‘naltirdi».

Xorijiy investor, yirik to‘qimachilik korxonasi egasi Firat Denizning taʼkidlashicha: «Prezident bilan Ochiq muloqot – investorlar manfaatlarini bevosita eshitish va himoya qilish bo‘yicha dunyodagi eng samarali maydonlardan biridir. Yiliga 50 million dollardan ortiq mahsulot eksport qiluvchi korxonalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish bo‘yicha bergan taklifim darhol qo‘llab-quvvatlandi va hayotga tatbiq etildi».

VI Ochiq muloqotga tayyorgarlik: Raqamlar va tahlil

Bo‘lajak VI Ochiq muloqotga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 15 maydan boshlab 50 dan ortiq vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Respublika shtabi tashkil etilib, 24/7 rejimida uzluksiz faoliyat olib bormoqda. Call-markaz va rasmiy botlar orqali 6 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ijro doirasida 4,2 mingdan ortiq murojaat ijobiy hal etildi, 1,8 mingga yaqin murojaatni ko‘rib chiqish jarayoni davom etmoqda. Murojaatlar mazmuniga ko‘ra: tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha 940 dan ortiq, bank masalalari bo‘yicha 910 tadan ziyod, ishlab chiqarish maydonlari bilan taʼminlash bo‘yicha 750 tadan ortiq, tadbirkorlikni tartibga solishni soddalashtirish bo‘yicha 680 taga yaqin, infratuzilma bilan taʼminlash bo‘yicha 660 tadan ziyod, soliq tizimini takomillashtirish bo‘yicha 530 taga yaqin hamda tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 480 tadan ortiq murojaat qayd etildi. Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Qashqadaryo viloyati, Toshkent shahri, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida kuzatildi.

Bundan tashqari, ochiq muloqotlar doirasida masʼul tashkilotlar tomonidan 750 dan ziyod uchrashuv o‘tkazilib, ularda 8,8 mingdan ortiq tadbirkor ishtirok etdi hamda 3,5 ming ko‘proq taklif va masalalar bildirildi. Shu bilan birga, Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘tkazilgan 130 dan ortiq uchrashuvda 5,7 mingdan ziyod tadbirkor qatnashib, 1,5 mingga yaqin masalani o‘rtaga tashladi. Ekspert guruhlari tomonidan aniqlangan 300 ta tizimli muammo ko‘rib chiqilmoqda, ularning asosiy qismi tadbirkorlikni tartibga solishni soddalashtirish – 70 taga yaqin, soliq tizimini takomillashtirish – 60 ta hamda tashqi iqtisodiy faoliyat va investitsiyalar sohasiga – 50 tadan ortiq to‘g‘ri keladi. Ushbu muammolarni fundamental hal etish hamda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda takliflar ishlab chiqilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Biznes-ombudsman Abdumannop Buriyev sohadagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib, shunday dedi: «Asosiy eʼtiborimizni muammolar yuzaga kelishining oldini oluvchi, tadbirkorlar huquqini barvaqt himoya qiluvchi ogohlantiruvchi tizimni barpo etishga qaratganmiz. Sohani keng ko‘lamda raqamlashtirish va elektron resurslarni yagona tarmoqqa integratsiya qilish orqali xavf-xatarlar oldindan bartaraf etilmoqda. Muloqot oldidan o‘tkazilayotgan jonli suhbatlar biznesni huquqiy va raqamli jihatdan muhofaza qiluvchi zamonaviy vositalarni yaratishga mustahkam zamin bo‘lmoqda».

O‘z navbatida, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ijobiy dinamikani alohida eʼtirof etdi: «Bugungi kunda xususiy sektor milliy iqtisodiyotimizni olg‘a suruvchi asosiy kuchga aylandi. Muntazam o‘tkazib kelinayotgan ochiq muloqotlar va ularda qabul qilinayotgan tizimli qarorlar tadbirkorlarga o‘z faoliyat ko‘lamini kengaytirish, eksport imkoniyatlarini oshirish hamda xalqaro bozorda raqobatdoshlikni mustahkamlash uchun beqiyos imkoniyatdir».

Prezidentning navbatdagi Ochiq muloqotiga tayyorgarlik jarayonlari hal qiluvchi bosqichga kirmoqda. Har bir bildirilgan taklif va murojaat mamlakatimizdagi biznes muhitini yanada sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi. Barcha tadbirkor va investorlarni bo‘lajak oliy darajadagi muloqot kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etishga taklif etamiz. Murojaat va takliflar 24/7 rejimida 1100 va 1094 telefon raqamlari, business.gov.uz hamda my.chamber.uz/ochiq_muloqot/oz veb-platformalari, shuningdek Telegramdagi @biznesombudsmanrasmiy_bot va @ochiqmuloqot2026_bot aloqa kanallari orqali qabul qilinmoqda.