Ostona shahrida Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari ishtirokida Turkiy tilli mamlakatlar shaxmat assotsiatsiyasini (TSCCA) tashkil etish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
TSCCA bosh kotibi lavozimiga ozarbayjonlik sobiq taniqli shaxmatchi Ilaha Gadimova saylandi.
Aytish lozim, mazkur assotsiatsiyani tashkil etish g‘oyasi 2024 yil sentyabr oyida Budapeshtda bo‘lib o‘tgan 45-shaxmat Olimpiadasi va FIDE Bosh Assambleyasi chog‘ida ilgari surilgandi.
O‘shanda ishtirokchi davlatlar FIDE bilan bog‘liq tuzilmani ishlab chiqishda hamkorlik qilishga kelishib olgandi. Uyushmaning maqsadi milliy shaxmat federatsiyalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro tajriba va fikr almashish, yirik turnirlar tashkil etish, bolalar va yoshlar uchun dasturlar ishlab chiqishdan iborat.
Memorandum imzolash marosimida FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich va turkiy tilli davlatlar shaxmat federatsiyalari vakillari ishtirok etdi.
Tashkilotning bosh qarorgohi Turk dunyosining madaniy poytaxti sanalgan Qozog‘istondagi Turkiston shahri etib belgilandi. Hujjatga binoan Turkiya davlati joriy yil oxirigacha assotsiatsiyaga raislik qiladi. 2026 yildan esa yetakchilik Qozog‘istonga o‘tadi.
O‘zA


























