Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “Yosh navoiyxonlar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida tashkil etilgan tanlovda umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari eng ko‘p g‘azal yod olish, ifodali o‘qish, uning matni nasriy bayoni (yozma sharhi)ni yarata olish kabi shartlar bo‘yicha bilimini sinovdan o‘tkazdi.
Tanlovning quyi bosqichlarida 2 ming 500 dan ziyod o‘quvchi qatnashdi. Viloyat bosqichida 6 nafar nomzod o‘zaro bahslashdi.
Karmana tumanidagi 4-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Ibrohim G‘afforov birinchi o‘rinni egalladi va unga Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasi kaliti topshirildi.
Ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ikki nafar va uchinchi o‘rinni olgan uch nafar bilimli yoshlarga esa noutbuk hamda komputer jamlanmalari berildi.


























