Yoshlik va barkamollik namoyishi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Dekabr 30, 2017

Yoshlik va barkamollik namoyishi

Namanganda sharq yakkakurashlari va jang san’ati festivali bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi Namangan viloyati bo‘limi tomonidan “Sog‘lom yoshlar sog‘lom muhit uchun” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda yoshlarni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalash yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

– Bu borada sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi Namangan viloyati bo‘limi raisi Fazliddin Sotimboyev. – Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grant mablag‘i bilan moliyalashtirilayotganida ham sport va NNTlar rivoji davlatimiz ijtimoiy siyosatida muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Loyiha va bugungi festivaldan ko‘zda tutilgan maqsad yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yanada kuchaytirish, sport-sog‘lomlashtirish ishlarini ommalashtirish, yoshlarga o‘z iste’dod va salohiyatini namoyon etishga sharoit yaratish orqali ularni giyohvandlik, ichkilikbozlik, jinoyatchilik va boshqa illatlar ta’siriga tushib qolishining oldini olishdir.

Namangan shahridagi “Pahlavon” sport majmuasida o‘tkazilgan festivalda yosh sportchilar, sport federatsiyalari, sport klublari va markazlarining vakillari, mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotgan chempion va sovrindorlarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.

Yakunlanayotgan yilda katta yutuqlarga erishgan sport federatsiyalari va sportchilarga kubok, diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Sharq yakkakurashlari va jang san’ati turlari bo‘yicha “Eng yaxshi sportchi ayol”, “Eng yaxshi murabbiy”, “Eng yosh chempion”, “Eng yaxshi hakam”, “Eng yaxshi tashabbuskor”, “Eng yaxshi federatsiya” kabi o‘nlab nominatsiyalar g‘oliblari aniqlandi.

Viloyat san’atkorlari va yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.